Breaking News

O'zbekiston neft va gazidan xalq deyarli foyda ko'rmaydi


Bryusselda joylashgan Xalqaro inqirozlarni o`rganish guruhi (International Crisis Group)Markaziy Osiyoda energiya zahiralari yuzasidan hisobot chiqargan.

Unda energetik xomashyodan olingan daromad nimaga va qanday sarflanmoqda degan savolga javob izlanadi.

Xalqaro inqirozlarni o`rganish guruhi fikricha energetik zahiralar daromadidan Qozog’iston va Turkmanistonda rivojlanish kuzatilgan.

Biroq bu rivojlanish Qozog’istonda tabaqalanish, boylar va kambag`allar o`rtasidagi tafovutni keskin kuchaytirgan bo`lsa, Tukmanistonda energetik zahiralardan to`planayotgan boylik diktatorlik tuzumini uzaytirish uchun xizmat qilmoqda.

Guruh hisobotida yozilishicha, O`zbekistonda energetik zahiralardan tushayotgan foydaning katta qismi amaldorlar cho'ntagiga kiradi, bir qismi esa militsiya hukmronligidagi boshqaruvni kuchaytirish uchun ishlatilmoqda.

Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi mintaqa energetika resurslari uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan yuritilayotgan harakatlarga ham shubha bilan qaraydi. Energetik zahiralari savdosi yo`nalishining o`zgarishi Yevropani energetika bo`yicha Rossiyaga bo`lgan qaramlikdan qutqarishi qiyin deb baholanadi.

Ayniqsa Rossiya, Qozog’iston va Turkmaniston ishtirokidagi Kaspiy bo`ylab rejalangan gaz quvurlari bo`yicha tuzilgan loyiha, shuningdek janubiy yo`nalishdagi asosiy mamlakat Afg`onistondagi vaziyat hamon beqarorligicha qolayotgani urg`ulanadi.

O`zbekiston mintaqada gaz zahiralari bo`yicha Turkmanistondan keyingi ikkinchi o`rinni egallaydi. Gaz eksporti azaliy marshrut - Rossiya orqali amalga oshirib kelinadi.

Mustaqil tahlilchi Toshpo’lat Yo’ldoshevning aytishicha mintaqa davlatlaridan farqli O`zbekistonda energetik zahiralardan kelayotgan daromad haqida hech qanaqa ma’lumot berilmaydi.

“Energetik zahiralar necha puldan sotildi, kelayotgan daromad nimaga ishlatildi - bu haqda hukumat hisobot berishni istamaydi”, - deydi u.

Toshpolat Yo`ldoshevga fikriga ko`ra gazdan kelayotgan daromad birinchi navbatda hukumat xavfsizligini ta’minlashga yo`naltiriladi, ijtimoiy yo`nalishdagi hissasi esa juda kichik.

“Asosiy vazifa hukumatni ushlab qolishga qaratilgan. Mablag’ kuch ishlatuvchi tizimlarga sarflanayapti. Boshqa davlatlar energetik zahiralarini boshqa davlatlarga ham sotish harakatini qilishayapti, chunki ularda korrupsiya holati O`zbekistondagichalik kuchli emas. O`zbekiston esa arzon narxlarda Rossiyaga sotyapti. Hukumatni nazorat qiladigan tashkilot yoki muassasaning o’zi yoq, nazoratsiz hukumat esa bilganini qilyapti”, - deydi Yo’ldoshev.

Keyingi paytda mintaqa energetik zahiralari yo`nalishini diversifikatsiya qilish, o`zgartirish keng muhokama qilinmoqda. Bu boradagi tashabbuslar ko`proq Qozog`iston va Turkmaniston tomonidan bildiriladi.

Kuzatuvchilarga ko`ra bu o`zgarishlardan O`zbekiston manfaatdorligi tabiiy - rasmiy Toshkent siyosatidagi harakatsizlik esa ko`proq Rossiyaga tayanib borayotgan siyosiy qaramlikka bog`liq.

Jamiyatshunos Kamron Aliyev ta’biricha energetik zahiralarni sotishga kelganda Rossiya bilan chegaralanish O`zbekiston manfaatlariga to’g’ri kelmaydi.

“Rossiya o’zini yuqori mavqeidan foydalangan holda mintaqa energetikasini arzon olib, boshqa davlatlarga qimmatga sotishga o’rgangan. Bu Rossiya hukumatining daromad qilish manbalaridan biriga aylangan”, - deydi Aliyev.

O`zbekistondagi strategik mahsulotlar eksporti ko`proq Rossiyaga bog`lanib qolishda davom etayotgani aytiladi. Rossiya hukumati vakili Sergey Ivanovning yaqindagi tashrifi mobaynida O`zbekistondagi strategik mahsulotlardan yana biri -uran moddasi eksporti bo`yicha hamkorlik haqida ham muhokama borgan.

Xalqaro hisobotlarga ko`ra Markaziy Osiyo energetik zahiralari mintaqa rivojlanishida va tez suratlarda iqtisodiy o`sishga erishishida asosiy rol o’ynaydi. Bu asos mintaqada ko`p qirrali yaxlit bir energetik strategiya ishlab chiqilishi bilan bog’liq ko’riladi.

Mustaqil kuzatuvchilarning bu boradagi tahlillarida mintaqaning ayrim davlatlarida rivojlanish ko`rsatkichlari qayd etilsa, ayrim davlatlarda, jumladan O`zbekistonda, energetika zahiralardan tushayotgan daromad ijtimoiy hayotni chetlab o`tayotgani ta’kidlanadi.

XS
SM
MD
LG