Breaking News

11 fevral - Turkmanistonda prezident saylovlari kuni


11 fevral, yakshanba kuni Turkmanistonda ilk ko’p nomzodlik prezident saylovlari bo’lib o’tadi.

Prezident Saparmurod Niyozov 25 yillik hukrmonlikdan so’ng vafot etgach, mamlakatda o’zgarishlar uchun imkoniyat paydo bo’ldi.

Aksariyat kuzatuvchilar saylovlarda vaqtinchalik prezident lavozimini bajarayotgan Qurbonguli Berdimuhammedovning ga’labasiga shubha qilmaydi.

Berdimuhammedov ham davlat matbuoti, ham qator Turkman siyosatchilari, shu jumladan Markaziy Saylov Komissiyasi raisi tomonidan olqishlangan. Ma’lumotlarga ko’ra, u Niyozovning o’ng qo’li bo’lgan va sobiq prezident vafotidan oldin bosh vazir o’rinbosari edi.

Saylovlarda Berdimuhammedovdan tashqari yana besh nomzod qatnashadi. Biroq ular xalqqa yaxshi tanish emas, hammasi ham mamlakatdagi yagona Demokratik partiya a’zolari. Berdimuhammedov prezident bo’lgan taqdirda mamlakatda ko’p partiyaviylik tizimni joriy etishni bildirgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlardan so’ng ekspertlar guruhini Turkmanistonga yuborishini ma’lum qilgan.

AQShdagi siyosiy-tahliliy tashkilot hisoblangan “Heritage” jamg’armasining Moskvadagi sho’basi direktori Yevgeniy Volk saylovlar demokratik tamoyillar asosida o’tkazilmasligi ehtimolidan xavotirda.

"Turkmanistonda erkin va adolatli saylov bo’lishiga shubham bor. 20 yildan ortiq davr mobaynida totalitar tuzumdan aziyat chekkan mamlakat Niyozovdan keyin qolgan merosdan bunday qisqa vaqt ichida xoli bo’la olmaydi. Hozirgi rahbarlarning hammasi hukumatga Niyozov tomonidan keltirilgan, demak ularning hech biri demokratik va erkin jamiyat tarafdori emas."

Tahlilchi Volkning aytishicha, saylovlar hokimiyatdagi kuchlar nisbatini tartibga solish uchun kerak xolos. U, shuningdek, tez orada mamlakat gazidan tushgan boyliklar uchun ichki kurash boshlanishini bashorat qilmoqda.

Nomzodlarning barchasi hokimiyat tepasiga kelgan taqdirda marhum prezident siyosatidan chetga chiqmasligini ma’lum qilgan, shunday ekan, deydi Volk, katta o’zgarishlarni kutmaslik kerak.

Berdimuhammedovdan tashqari besh nafar nomzod quyidagilar: Neft sanoati va mineral resurslar vazirining o’rinbosari Eshonguli Nuriyev, Obodon shahri hokimi Orazmurod Qorachayev, Turkmanboshi shahri hokimi Ashirniyoz Pommanov, Tashovuz viloyati hokimi o’rinbosari Omaniyoz Otojikov va tuman hokimi Muhammatnazar Qurbonov.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, Qo’shma Shtatlar ochiq va adolatli saylovlar tarafdori, biroq buning uchun Turkmaniston uzoq yo’l yurishi kerak.

XS
SM
MD
LG