Breaking News

AQShning "Manas"dan boshqa qanday imkoniyatlari bor?


Kecha Qirg'iziston parlamenti AQSh qo'shinlarini "Manas" bazasidan chiqarishga ovoz bergan. Prezident Qurmanbek Bakiyev hujjatga bugun imzo chekkan. Bu degani AQSh qo'shinlari "Manas"ni 180 kun ichida tark etishi kerak. Biroq shunga qaramay bazani qoldirishga qaratilgan muzokaralar davom etyapti.

Qirg'iziston parlamenti deputatlarining deyarli barchasi AQSh harbiylarini bazadan chiqarishga ovoz bergan.

"Parlament bu qarorni mustaqil ravishda qabul qilmagan. Prezident bosim qo'ygan. Agar u istasa, bunaqa qo'g'irchoq parlament bilan qarorni o'zgartirish qiyin emas," deydi Vashingtondagi qirg'izistonlik yosh olima Erika Marat.

Qurmanbek Bakiyev gap pulda deydi. Baza uchun ko'proq ijara haqi so'ralmoqda. Aynan qanchaligi noma'lum. Qo'shma Shtatlar ijara haqi va bazadagi faoliyati uchun jami yiliga 150 millionga yaqin pul to'laydi.

Qirg'izistonliklar nazarida xalq baza uchun berilayotgan pulni ko'rayotgani yo'q, shu sabab masalaga befarqdir.

AQSh "Manas" uchun ko'proq pul berishga tayyor, chunki, deydi Vashingtondagi "RAND" tahlil markazi xodimi Endryu Xoen, baza muhim vazifani bajarmoqda.

""Manas" Yevropani Afg'onistonga ulaydi. Yuk va askarlar u orqali o'tadi. AQSh qo'shinlari sonini oshirishga qaror qilgan ekan, bazaning ahamiyati ham kuchayadi," deydi tahlilchi.

Pentagon rahbari Robert Geytsning aytishicha, baza qo'ldan chiqsa, ko'p kuyunmaymiz. Qo'shma Shtatlar yuk va qo'shinlarni Afg'onistonga yetkazishning muqobil yo'llari bo'yicha mintaqadagi barcha davlatlar bilan muloqot olib bormoqda.

Prinston universiteti professori Jeyson Layalga ko'ra, bunday yo'nalishlardan biri Xaybar dovoni.

"Biroq bu yo'nalish xavfli. Agar Xonoboddagi baza amerikaliklarga qayta berilmasa, Tojikiston orqali harakat qilib ko'rish mumkin. AQSh u yerda ko'prik qurishga yordam bergan," deydi Layal.

Uning aytishicha, yuklarni Markaziy Osiyoni chetlab to'g'ri Afg'onistonga, Bagram aviabazasiga jo'natish mumkin albatta, ammo ayni damda Bagram juda ham gavjum, Afg'oniston ichida uchadigan samolyotlar ham u orqali boshqariladi.

London universiteti professori Maykl Uilyamsning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ish qilishning muammoli bir tomoni bor.

"Gap shundaki, bu davlatlarda inson huquqlari ahvoli chatoq. Demokratik emas. AQSh esa Afg'onistonda demokratiya yaratish harakatida," deydi Uilyams.

Yana bir yo'li - Eron orqali, ammo buning uchun Obama ma'muriyati rasmiy Tehron bilan muloqotni boshlashi zarur.

Ungacha esa "Manas" bazasini saqlab qolish uchun muzokaralar davom etadi.

Davlat departamenti so'zlovchisi Gordon Dyuguidning aytishicha, Qirg'iziston AQSh qo'shinlarini bazadan chiqarishga qaror qilgan bo'lsada, u bilan muloqot to'xtamagan.

XS
SM
MD
LG