Breaking News

Afg'oniston: O'zbekiston bilan aloqalarni AQSh belgilamaydi


O’zbekiston-AQSh aloqalari sovuqligicha qolar ekan, Amerika boshchiligida o’zini qayta tiklayotgan Afg’oniston hukumati Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan rasmiy Toshkent bilan mustaqil munosabatlar yuritishga urinmoqda.

Afg’onistonning yaqinda Vashingtonga tashrif buyurgan yangi Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta Amerika Ovozi savollariga javob berdi.

Amerika Ovozi: Janob Spanta, Afg’onistonda Tolibon hokimiyati ag’darilganiga besh yil bo’lyapti. Biroq Afg’oniston hali ham notinch o’lka. Shimoldagi qo’shnilar mamlakatingizdagi vaziyatdan tashvishda. Ular nazarida AQSh homiyligidagi hukumatingiz Afg’onistonni tinchlantira olmayapti. Mintaqa bilan aloqalar qanday shu kunlarda?

Spanta: Afg’oniston Markaziy Osiyoga katta umid bilan qaraydi. Biz mintaqa bilan a’lo aloqalarga ega bo’lishni istaymiz va shu harakatdamiz. Hozirgi aloqalarimiz bag’oyat do’stona. Mintaqaviy xavfsizlik, terror va qoradori savdosiga qarshi kurashda birga ishlamasak bo’lmaydi. AQSh bizga shu yo’lda yordam berishga tayyor.

Amerika Ovozi: O’zbekiston Afg’onistonda tinchlik bu mintaqada tinchlik demakdir, deb kelgan. Biroq prezident Hamid Karzay AQSh tomonidan quvvatlangan rahbar. O’zbekiston esa uning siyosatini keskin tanqid ostiga olayotgan AQShdan yuz o’girgan. Qiyin emasmi, bu ahvolda Islom Karimov hukumati bilan til topishish?

Spanta: Shuni aniq qayd etmoqchimanki, Afg’oniston har bir tuzumga nisbatan mustaqil, hech kimning aralashuvisiz, qaytaraman, mustaqil siyosat yuritadi. Demak, aloqalarimizni AQShga qarab belgilamaymiz. Har bir xalq o’zi xohlagan tuzumda yashaydi. Bu uning huquqi. Biz O’zbekistonning o’tmishdagi yordamini, hozirgi ko’magini juda qadrlaymiz. Orada turli tushunmovchiliklar bo’lishi tabiiy, ammo bu O’zbekiston bilan bebaho aloqalarimizga zarar yetkazmaydi, degan umiddamiz. O’zbekiston-AQSh o’rtasidagi muammolar bu ularning muammosi, bizniki emas.

Amerika Ovozi: Afg’on hukumati Markaziy Osiyodan, jumladan O’zbekistondan kelayotgan hozirgi yordamdan xursandmi?

Spanta: Biz mintaqaning xavfsizlik, hokimiyatni kuchaytirish va mamlakatni qayta qurishdagi yordamidan juda minnatdormiz. O’zbekiston bizning yaqin savdo hamkorimiz. Ammo, hamkorlikni yanada kuchaytirishni, Afg’onistonning qadimgi kabi katta savdo yo’liga aylanishini istaymiz.

Amerika Ovozi: O’zbekiston azaldan Afg’oniston shimolidagi o’zbeklarni quvvatlab kelgan. Hukumat va afg’on o’zbeklari o’rtasida o’ziga xos yaqinlik mavjud. Chet davlatlarning Afg’onistondagi alohida etnik guruhlarni alohida quvvatlayotgani hukumatni tashvishga solmaydimi? Ayniqsa, dala qo’mondonlari orasidagi tafovutlar davom etayotgan bir paytda?

Spanta: Biz Afg’oniston xalqiga chetdan kelayotgan har qanday yordamdan rozimiz. Ammo, men sizga aytsam, men o’zimni biror etnik guruh vakili deb hisoblamayman. Men afg’onman, Afg’oniston respublikasi fuqarosiman. Shunday ekan, men bu borada zamonaviy demokratik qarashga egaman. To’g’ri, Afg’oniston ko’p-millatli, ko’p dinli xalq. Lekin fuqarolar teng qaralsin, ular ajratilmasin, deyman. Ba’zi davlatlar faqat muayyan bir etnik guruhni quvvatlashni xohlar. Men, afg’on fuqarosi sifatida buni yoqlamagan bo’lardim, ammo ularni tushunsa bo’ladi. O’zbek aholi yashaydigan shimolda, masalan, Kobulda ahvol tinch. Shu bois iqtisodiy ahvol ham yaxshi. Mamlakatimiz uchun vaziyatni shunday xotirjam asrash juda muhim.

XS
SM
MD
LG