Breaking News

Qurolli kuchlar ichki xavfni bartaraf etishga shaylangan


Markaziy Osiyoning qay davlatiga qaramang, qurolli kuchlar yil sayin o’zgarayotganini, shaklan o’zgarib borayotganini ko’rasiz. Sovet davrida mudofaa va xavfsizlikni asrash deganda asosan tashqi kuchlarga, chet davlat hujumiga qarshi turish nazarda tutilgan.

Bugungi asosiy vazifa ichki xavfning oldini olish, qozg’olon va g’alayonlarni bostirish deya tushuntiradi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan ekspertlar.

AQShdagi Gudzon (Hudson) tadqiqot institutida yetakchi olim Richard Uaytz (Richard Weitz) harbiy taraqqiyot har bir jamiyat uchun o’ta nozik masala deydi.

Davlat borki kuchli mudofaa va xavfsizlik tizimiga ega bo’lishni istaydi. Mamlakat borki uning rahbari qurolli kuchni o’z qo’li ostida saqlashni istaydi.

Markaziy Osiyodek avtoritar tuzumlar hukmron hududda harbiy tizimlar rahbariyatga bo’ysundirilgan.

Bo’ysundirilgani yaxshi, deydi ayrim siyosatdonlar, chunki armiya o’zboshimchalikka berilmaydi.

Boshqa tomondan esa bugungi holida ular xalqqa emas, tuzumga xizmat qilmoqda. Richard Uaytz islohotlar samarasini shunday baholaydi:

“Davlatlarning murakkab bir davrni bosib o’tganini tan olish kerak. Sovet davrida markaziy osiyoliklar asosan qurilish batalyonlarida xizmat qilgan. SSSR parchalanganida mintaqada qurolli kuchlar juda zaif bir holatda edi. O’tgan yillar mobaynida davlatlar o’z armiyalari - piyoda va havo kuchlari, xavfsizlik tizimlariga ega bo’ldi”.

Regiondan chiqqan olima, armiya va rahbarlar orasidagi dinamika haqida kitob yozgan Erika Marat fikricha esa Markaziy Osiyo davlatlari Sovet Ittifoqiga xos ko’p-sonli, bahaybat armiya emas, ixcham va zamonaviy, muayyan tahdidga qarshi tezkor javob beradigan kuchlarni joriy etishni maqsad qilgan.

Bunga qanchalik erishildi deb qiziqsangiz, O’zbekistonda Andijon voqealari qanday bostirilgani yoki jangari hujumlariga qarshi qanday choralar ko’rilgani haqida o’ylab ko’ring.

Prezident Islom Karimov yaqinda respublika mudofaasini kuchaytirishga chaqirdi. Karimov fikricha mintaqada harbiy-siyosiy vaziyat qaltis va u kun sayin o’zgarib bormoqda. Narko-aggressiya, xalqaro terrorizm, ektsremizm va boshqa xavf o’choqlari haqida eslatib, qurolli kuchlarni mamlakat tinchligi yo’lida qattiqroq harakat qilishga undadi. Yovuz kuchlarni chegaraga yaqinlashtirmaslik, deydi prezident, O’zbekiston mudofaa tizimlari oldidagi ustuvor vazifa.

Respublika harbiy harajatlari oshkor etilmaydi. Jahon Banki yillik yalpi milliy daromad, ya’ni – 27-28 milliard dollarning 2 foizi deya hisoblasa, harbiy tahlilchilar bunga shubha bilan qaraydi.

Richard Uaytz kabi olimlar fikricha bugun dunyo Qozog’iston harbiy salohiyati haqida aniqroq tushunchaga ega, chunki bu davlat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish uchun ayrim ma’lumotlarni oshkor etishga majbur bo’ldi.

Qozog’iston kichik sonli professional armiya tuzishga harakat qilmoqda, harbiy xizmat majburiy emas, butunlay shartnoma asosida bo’lishi rejalangan. O’zbekistonda ham shunday g’oyalar olg’a surilgan, biroq bugungi pozitsiya mavhum.

Uaytz deydiki, Markaziy Osiyoning har bir davlati NATOdek harbiy alyans bilan hamkorlikni kengaytirishni xohlaydi va terrorga qarshi birgalikda kurashish kerak deb hisoblaydi. Lekin, deydi olim, tomonlar terrorizm tahdidi degan turlicha qarashga ega. NATO al-Qoida yoki boshqa terror guruhlaridan xavfsirasa, Markaziy Osiyo rahbarlari Andijondagi singari qozg’olonlar yuz bermasin deydi. Ular xalq qo’zg’almasin deydi. Maxsus xavfsizlik kuchlarini tayyorlashga e’tibor katta ekani ham shu bilan izohlanadi, ya’ni qurolli kuchlar tashqi emas, ichki tahdid - aholi orasidan chiqqan xavfga qarshi chora ko’rishga o’rgatilmoqda.

Davlatlar qanchalik mustaqil rivojlanishga harakat qilmasin, Rossiyaga harbiy jihatdan tobe bo’lib qolmoqda. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zolik ular uchun Rossiya qurol-aslahalariga yo'l ochadi, bu boradagi imkoniyatlarni kengaytiradi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi harakatlar ham regionni Rossiya va Xitoy modellaridan o’rnak olishga undaydi.

Shu boismi, deydi mutaxassislar, arsenalni boyitishga, yangi qurollar sotib olishga ishtiyoq kuchli, asosan Rossiyadan.

AQSh Afg’onistondagi harbiy kuchlariga mintaqa orqali zarur vositalar tashir ekan, minnatdorchilik tariqasida harbiy ko’makni oshirishi mumkin. Yaqin kunlarda Pentagondan O’zbekistonga maxsus delegatsiya borib, qay sohalarda madad zarurligini o’rganadi.

Richard Uaytz fikricha Karimov ma’muriyati, qolaversa qo’shni hukumatlar qurollar sonini oshirish emas, harbiylar bilimi va salohiyatini kuchaytirishga e’tibor berishi lozim. Ular ayrim hatti-harakatlari bilan xuddi bir-biri bilan urush qilishga otlanayotganga o’xshaydi. O’zaro ishonch darajasi juda past.

Qo’shma Shtatlar, deya tavsiya qiladi Richard Uaytz, zobitlar malakasini oshirishda yordam berishi mumkin. Tinchlikparvar kuchlar tayyorlashda, demokratik jamiyatda qo’shin qanday rol o’ynashi haqida tajriba ulashishi mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG