<!-- IMAGE -->
Bugun Jahon Matbuot Erklinligi Kuni nishonlandi.
Insoniyat axborot asrida yashayotganiga qaramay ko'plab davlatlarda fuqarolarning xolis ma’lumot olishi amri mahol.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hukumatlarga murojaat qilib, bugungi zamonda senzura, gazeta va jurnallarni siyosiy-iqtisodiy jihatdan siquvga olish, jurnalistlarga nisbatan tazyiqqa o’rin yo’q demoqda.
Pan Gi Mun nazarida axborot vositalari xodimlari xavfsizligini ta’minlash har bir hukumatning muhim vazifalaridan biri bo’lishi kerak. Jurnalistlar xalq va boshqaruv orasidagi ko’prik, ularga ziyon yetsa, odamlar va rahbariyat orasidagi munosabatlarga ham darz ketadi deya mulohaza yuritadi Pan Gi Mun.
BMT Inson huquqlari deklaratsiyasining 19-moddasida so’z erkinlig har bir insonning fundamental huquqi deb tan olingan. Bu hujjatni qabul qilgan, lekin bu xalqaro majburiyatlarga amal qilmayotgan davlatlar orasida Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarni ko’rasiz.
O’zbekistonda matbuot va so’z erkinligi to'g'risida qator qonunlar qabul qilingan, deydi mutaxassislar, ammo amalda bu huquq ta'minlanmagan. Senzura taqiqlangan; prezident Islom Karimov matbuot, televideniye va radiolarni professional ishlashga undab keladi, ammo haqiqat shuki, tuzumni tanqid qilgan, rahbariyatni savolga tutgan, jamiyatdagi illatlarni yoritgan jurnalistlar qattiq bosim ostida. Davlat axborot tizimlari hukumatni maqtashdan nariga o’tmaydi.
<!-- IMAGE -->
Manba: Chegara Bilmas Muxbirlar (Reporters sans frontières)
Parijda asoslangan Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti 40 liderni so’z va fikr erkinligi dushmani deb qayd etmoqda. Ular siyosatchilar, rasmiylar, peshvolar, jangari va jinoiy guruhlar yetakchilari.
Jumladan Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron oliy rahnamosi Oyatulla Ali Hominiy va prezidenti Mahmud Ahmadinajod, Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov, O’zbekiston prezidenti Islom Karimov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin, qolaversa, Xitoy, Shimoliy Koreya, Liviya va Zimbabve singari davlatlarning rahbarlari.
3 may 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan umumjahon matbuot erkinligi kuni deb e’lon qilingan.