Breaking News

Rossiyada bir o'zbekistonlik yurtdoshini o'ldirib 9 yilga qamaldi


Musofirlik dunyoning hech bir burchagida oson emas. Rossiyaga non topish uchun borgan millionlab o’zbekistonliklar buni ayniqsa yaxshi biladi.

O’tgan yillar ichida bu mamlakatda o’nlab o’zbeklar millatchi guruhlar qo’lida jon berdi, yana qanchasi turli jinoyatlarda ayblanib, panjara ortiga tashlandi.

Rossiyaning qahrli nuqtalarida qora terga botib, qurilish maydonlari-yu oshxonalarda, omborxona-yu korxonalarda mehnat qilayotgan o’zbeklar “churka” deb kamsitiladi. Ikki yildan beri Sverdlovsk oblastida yashayotgan muhojir deydiki:

”Yaqinda kompyuterim uchun elektron lug’at sotib oldim. Izohlarga, so’zlarning ma’nosiga qarang. Churka – qo’pol , hissiyoti yo’q, madaniyatsiz odam. Ikkinchi ma’nosi, churka- O’rta Osiyo va Kavkaz xalqlari haqida aytiladigan qo’pol so’z. Ko’rdingizmi, hatto lug’atga kiritishdi bizni va qanday ko’rinishda”.

Bu o’zbek yigitining ism-sharifini oshkor eta olmaymiz, ammo uning boshqa ko’plab migrantlardan farqi shundaki, u ruschada yaxshi gapiradi.

U til bilmagan, ammo ish deb Sibirning sovuq o’lkalariga borib qolgan 17-18 yoshli yurtdoshlari hayotning achchiq-chuchugini qanday tortayotganiga har kuni guvoh.

Ruslarning boshqa xalqlarga nisbatan munosabati salbiy ekani sir emas.

Ammo bu yigitni uning yurtdoshlari orasidagi munosabat ko’proq tashvishga soladi. Maqsad pul topish ekan, insoniylik ko’p hollarda chetga surib qo’yilgan.

“Rossiyada o’zbek-o’zbekni ko’rganida, ko’p hollarda, qishloqdosh yoki vatandosh deb o’ylamaydi. Birinchi o’rinda u – konkurent. Mana shu shaharda men borman. Yana kimdir kelib qolsa, oh, o’zimizni qo’yarga joy topa olmaymiz, chunki konkurent paydo bo’ldi. Birinchi o’rinda, militsiya yoki migratsion xizmatlar emas, mahalliy aholi yoki neonatsistlar ham emas, o’zimiz o’zimiznikilarni, o’zbek o’zbekni, tojik tojikni sindirishga harakat qiladi”,- deydi bu muhojir.

Bunday xulosa qilishga bu yigitning o’z isbot-dalili bor.

19 avgust kuni Sverdlovsk oblastining Kushva shahrida 35 yoshli andijonlik, ikki bolaning otasi, Oybek Isariyev 9 yilga qamaldi.

U o’z xo’jayini, xorazmlik Do’stchan Mahmudovni bolta bilan chopib o’ldirganlikda ayblanib, Rossiya jinoyat kodeksining 105-moddasiga binoan sudlangan. Isariyev Rossiyaga bir yil oldin Mahmudov ko’magi bilan borgan.

Mahmudov O’zbekistondan ishchi olib kelib, mahalliy bizneslar bilan ishlab, vositachilik qilib ancha oyoqqa turib olgan ishbilarmonlardan biri bo’lgan. Millatdoshlariga nisbatan qo’pol munosabati bilan tanilgan. Ishchilarning haqini vaqtida bermagan.

Isariyev Mahmudov nazorati ostida bir necha oy mardikorlik qilgan: qurilishda ishlagan, mol boqqan. Maoshini ololmay mushkul ahvolda kun kechirgan. Isariyev qotillikni bo’yniga olib, voqeani sudga o’zi tarjimon yordamida aytib bergan. Suhbatdoshimiz jarayonni yaqindan kuzatgan:

"Shu yilning 31 may kuni Mahmudov biznes sheriklaridan katta pul olgan, barcha ishchilarga xizmat haqini tarqatish uchun. Lekin bir yil ishlab vatanga qaytish ilinjida yurgan Isariyevga bir shart qo’ygan. Mahmudovning o’ynashi bo’lgan. O’ynashining esa eri bor, bu odamni yo’qotish kerak. Mahmudov Isariyevga “Agar shu odamni o’ldirsang, haqingni olasan, bo’lmasa yo’q" degan. “To’g’ri seni qamashadi, lekin tanish-bilishlarni ishga solib, seni ruhan kasal deb xulosa qildirib, bir oyda chiqarib yuboraman. Haqingni ham beraman, O’zbekistonga ketasan bolalaring va xotining oldiga” degan. Isariyev bunga rozi bo’lmagan. Ko’p tortishishgan. Isariyev “Menga yomonlik qilmagan odamga qo’l ko’tarmayman” deb turib olgan. Mahmudov esa boshqa iloj yo’qligini aytib, “Mana pichoq, unga dori ichiramiz, sen mana shu ishni qilasan” deb zo’rlagan. Rosa ichishgan, janjal bo’lgan va oxir oqibat hamma mast holatda uyquga ketganda, Isariyev Mahmudovning o’zini yotgan joyida bolta bilan chopib tashlagan. 10 dan ortiq zarba berib, dahshatli holda o’ldirgan”.

Jinoyat Mahmudovning ma’shuqasi Natalya va uning eri Sergeyga qarashli dachada ro’y bergan. Mahmudov Isariyevni u yerga bu oila bilan kabobxo’rlikka taklif qilgan. Natalya va Sergey tortishuv sabablaridan bexabar bo’lgan.

Isariyevni davlat tomonidan belgilangan advokat himoya qilgan. Sudlanuvchi hibsda tomirini kesib, o’z joniga qasd qilishga uringan. Hozir ancha o’ziga kelib qolgani aytiladi. Sudga uning yaqinlari kela olmagan.

O’zbekistonning Yekaterinburgdagi vakolatxonasi jarayon bilan qiziqmagan. Isariyev ishi bo’yicha huquq-tartibot organlari ham umumiy ma’lumot berish bilan cheklanadi xolos.

Nodavlat tashkilotlari taxminicha bugun Rossiya va Qozog’istonda 5-8 million orasida o’zbekistonlik mehnat qilmoqda.

Hukumatlar bunga biror aniqlik kiritmaydi, lekin migrantlar ta’biricha bu raqam haqiqatga yaqin.

”Men o’zim namanganlik bo’lsam, ko’plab qishloqlardan mehnat qilishga layoqatli, qo’lida hunari bor odamlar Rossiya yoki Qozog’istonga chiqib ketganini bilaman. Boshida faqat erkaklar ketardi, hozir ayollar ham. 9-sinfni bitirib, bolalar chiqib ketishayapti. Hamma Rossiyaga borsam deydi. Qishloqlarda odam topolmaysiz”,- deydi suhbatdoshimiz.

Bu o’zbekistonlik fikricha o’zga yurtda qora ish qilib bo’lsa-da, vatanda oilani boqish millionlab insonlar uchun noyob imkoniyat.

Ona diyor qanchalik aziz bo’lmasin, hayot uchun kurash odamlarni musofirchilikka, uning anduhini tortishga majbur etmoqda.

O’zga yurtda yashashning ham zavqi bor, biroq hamma jamiyatlar ham begonalarga quchog’ini ochavermaydi. Qolaversa ochko’zlik, shafqatsizlik va baxillik na chegara tanlaydi, na millat.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG