Amerikada iqtisodiy krizis sabab ko’plab loyihalar chetga surilgan. Boy va go’zal shtatlardan biri bo’lmish Floridada aholi soni sezilarli kamaygan.
Florida dunyoga tanilgan dam olish maskanlaridan biri. Har yili millionlab sayyohlar kelib uning orombaxsh burchaklarida hordiq chiqaradi.
Florida, shuningdek, nafaqaga chiqib, umri mobaynida orttirgan pulini so’lim bog’laru okean va dengiz sohillarida o’tkazishga ahd qilgan keksalar boradigan makon.
Inqiroz Amerikaning bu chekkalarini daromaddan ayirgan. Yaqingacha gavjum mahallalar endi huvillab qolgan.
Bunyodkorlik ishlari mablag’ yetishmagani sabab to’xtagan. Odamlar iqtisod sal oyoqqa turmagunicha qurilishga berilmoqchi emas. Bu degani ishsizlar yanada ko’p.
Re Naysli mahalliy insonparvarlik tashkilotini yuritadi.
"Kuniga 50-60 odam yordam so’rab keladi. Kimdir ishini yo’qotgan, kimdir kreditga olgan uyini boy bergan. Yana kimdir bolasini o’qita olmayapti”,- deydi u.
Odamlarga bepul oziq-ovqat beradigan markazlarda ham shu ahvol. Omborlar bo’shab bormoqda.
Muammolar yechimi ish o’rinlari yaratishda, deydi jamoatchi faollar.
“Xalqimiz omilkor, ular hamon umidga to’la”, deydi ular.
“Amerikaliklar hamisha imkoniyat izlaydi. Qo’l qovushtirib o’tirganlarni ko’rmaysiz. Bu yerdan bo’lmasa, boshqa joydan ish topish harakatida. Qarabsizki, odamlar ko’chib ketayapti, Texasga, Tennessiga…”
Florida Amerikaning yirik shtatlaridan biri. Oxirgi oylarda bu yerni 31 mingga yaqin aholi tark etgan. Natijada bizneslar kamaymoqda, savdo markazlari yopilmoqda.
Avraam Lavender Florida Xalqaro Universitetida sotsiologiyadan dars beradi. Shtatda turmush ancha og’ir, deydi u.
“Florida shtatiga asos solinganida u Amerikaning tijoriy va industrial yuragi bo’ladi deya umid qilingan. Bu yer azaldan gurkirab kelgan. Biroq bugun manzara o’zgacha, xuddi biz o’zligimizni yo’qotgandek”.
Floridani pensionerlar shtati ham deyishadi, chunki uning so’lim tabiati keksalar uchun jannat. Qolaversa bu yerga qishlash uchun keladiganlar ham millionlarni tashkil etadi, uch-to’rt oyga.
“Floridada qor yog’maydi. Sovuqdan qochib shu yerga kelamiz, vaqtincha”,- deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan nafaqaxo'rlardan biri.
Qishlashga kelganlar Floridaga albatta daromad olib keladi. Shtatda bu yil bu kabi mehmonlar ko’p emas. Dam olish maskanlari reklamalarga zo’r bermoqda, lekin samarasiz. Go’zal Florida fayzini yo’qotgandek.
Ko’chmas mulk sotadigan firmalar mana ikkinchi yil daromad olmayapti. Dang’illama uylar egasini kutayapti. Xaridor kam.
Marian Metz brokerlik qiladi. “Boy nafaqaxo’rlar asosiy mijozlarim edi”, deya kuyunadi u, “bugun ularning soni juda kamayib ketgan”.
“Boshqa shtatlarda uy-joy sotish oson emas ekan, kim bu yerda yangi xonadon xarid qiladi”?
Iqtisod ancha jonlanayapti, lekin foydadan hali darak yo’q, deydi bu dallol.
“Lekin shtatimiz yana ravnaq topishiga ishonaman”,- deydi Metz.
Turar joy arzonlashgani kimlar uchundir ayni muddao. Oddiy mehnatkashlar uchun Floridadan uy sotib olish bir orzu edi. Bugungi vaziyat doimiy ishi bor odamlar uchun noyob imkoniyat. Ishchi oilalar borini bir joyga to’plab, harakatini qilmoqda.
“Ishi mahkam odamlarga uy sotib oling deb maslahat berayapman. Ko’chmas mulk 20-30 foizga arzonlashgan. Iqtisod yaxshilansa, yana osmonga ko’tariladi”,- deydi Marian Metz.
Dunyoning bu qismida kimdir boridan ayrilgan, kimdir esa vanihoyat oyoqqa turmoqda.