Breaking News

Millatchilar qamalmoqda, lekin buyuk rus shovinizmi kun sayin avj olmoqda


Dmitriy Demushkin, ultra-natsionalist "Slavyanlar Ittifoqi" yetakchisi. Tashkilot qonunan man etilgan.
Dmitriy Demushkin, ultra-natsionalist "Slavyanlar Ittifoqi" yetakchisi. Tashkilot qonunan man etilgan.

Moskvadagi muxbirimiz Jeyms Bruk bergan ma’lumotga ko’ra, millatchilik va shovinistik harakatlar avj olgan Rossiyada bu illatlarning oldini olish uchun chora-tadbirlar ko’rilmoqda.

Muhojirlarga nisbatan qabih jinoyatlari uchun uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilayotganlar bor. Lekin vaziyat kundan kunga og’irlashib bormoqda.

Moskva sudi qariyb ikki yil oldin Kreml yaqinida bir jurnalist va huquq himoyachisini o’ldirgan o’ta millatchi “Russky Obraz” nomli guruh azosi Nikita Tixonovni umrbod, uning ma’shuqasi Yevgeniya Xasisni esa 18 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Siyosatshunos Konstantin Von Eggert fikricha bu hol Rossiya adliya tizimi millatchi guruhlarga qarshi qattiq choralar ko’rayotganidan dalolat.

“Ular bezori odamlar, haqiqiy terrorchilar. Ular hatto Putin va Medvedevdan ham nafratlanadi. Liberal ruhdagi fuqarolarni yoqtirmaydi, kommunistlarga g’azab bilan qaraydi”,- deydi mutaxassis.

Irqchilar qo’lidan o’lgan fuqarolar so’ni o’tgan besh yil ichida to’rt baravar oshgan. Rasmiy hujjatlarga ko’ra, 2009 yilda kamida 548 kishi o’ldirilgan.

2010 yilning dekabr oyida Kreml oldida o’tgan namoyishlarda shovinistlar markaziy osiyolik va kavkazlik mehnatkashlarga hamla qilib, militsiya bilan olishgan edi.

Ushbu hodisadan so’ng prezident Dmitriy Medvedev “Rossiya ko’p millatli va ko’p madaniyatli mamlakat hisoblanadi” deb chiqqan va millatchilikni davlat xavfsizligiga tahdid deya ta’riflagan edi. Qonun shovinizmni man etadi.

Sankt-Piterburgda o’tgan sud jarayonida millatchi guruhga a’zo 10 kishi gasterbayterlarga hujum qilib, ularni kaltaklaganlik, hatto ikki kishini o’ldirganlik aybi bilan uch yildan besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.

Sankt-Piterburgda Kavkaz va Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar istiqomat qiladigan mahallalarda kamida 30 ta imoratga o’t qo’yganlikda ayblangan ikki millatchi ustidan ham tergov ishi davom etmoqda.

Moskvadagi prokuratura-tergov markazi xodimi Vladimir Markinning aytishicha, ikki yil oldin o’ldirilgan ikki shaxs taqdiri yuzasidan olib borilgan tekshiruvlar boshqa keng ko’lamli jinoyatlarni ham fosh etgan.

Gap bu yerda advokat Stanislav Markelov va jurnalist Anastasiya Baburova haqida ketmoqda. Ular inson huquqlari haqidagi matbuot anjumanidan chiqib kelayotgan paytda millatchilar tomonidan o’ldirib ketilgan.

Stanislav Markelov Rossiyada undan oldin o’ldirilgan taniqli jurnalist Anna Politkovskaya va huquq faoli Natalya Estemirovaning yaqin do’sti bo’lgan. Ularning qotillari ham haligacha ushlanmagan. .

Rossiyada shu kunlarda millatchilar qo’lga olingani haqida deyarli har hafta eshitasiz, ammo “buyuk rus shovinizmi mamlakat bo’ylab avj olayotgani” ham tez tez tilga olinadi.

Xalq fikrini o’rganish maqsadida o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, “Rossiya – ruslar yurti” degan qarash keng tarqalgan.

Millatchilar namoyish chiqqanida ularni chetda turib quvvatlayotganlarni ko’rasiz. Ommaviy axborot vositalarida bu guruhlar faoliyati muhokama qilinganida telefon qilib o’z fikrini bildirayotganlarning aksariyati ularning tarafdori ekanini aytadi.

Rossiyada shu kunlarda yana bir millatchi tashkilot paydo bo’ldi.

Faoliyati man etilgan Noqonuniy Immigratsiyaga Qarshi Harakat o’rniga vujudga kelgan bu guruhning nomi “Ruslar” va u rus - "buyuk slavyan millati" manfaatini ko’zlaydi.

XS
SM
MD
LG