Breaking News

Rossiyada millatchilik quloch yozmoqda


So'nggi yillarda Rossiyada millatchilik bilan bog’liq talaygina jinoyatlar sodir etildi. Ularning so’nggisi Moskvadagi yahudiylar sinagogasiga bostirib kirgan odamning bir necha kishiga pichoq urishi bilan tugadi.

Tahlilchilar Rossiyada millatchilik hollari xavfli darajaga ko’tarilganini ta’kidlashadi. Ularning nazarida, bir necha kun burungi sinagogadagi voqea qo’shimcha ovozlar yutish ilinjida yurgan ba’zi siyosatchilarning millatchilik ruhidagi bayonotlari mahsulidir. Xuruj Rossiya siyosatchilari tomonidan keskin qoralandi. Mutaxassislar fikricha, bu va shunga o’xshash hollar mamlakatda millatchilikning kuchayayotganidan dalolatdir.

Moskvada joylashgan SOVA tahliliy-axborot markazining tadqiqotiga ko’ra, o’tgan yilning o’zida millatchi guruhlar yoki skin-xedlar guruhlari tomonidan kamida 27 kishi o’ldirilgan. Ularning 8 nafari boshpanasiz odamlardir. Rossiyaning ikkinchi poytaxti Sankt-Peterburgda ham ahvol Moskvadagidek. Bu yerda ikki yil burun tojikistonlik to'qqiz yashar qiz urib o’ldirilgan edi.

Mamlakat janubidagi Voronej shahrida esa chet-ellik talabalarni xo’rlash hollari tez-tez uchraydi. Masalan, oktyabr oyida Perudan endigina kelgan Aleksandr Ayala pichoqlangan edi. Militsiya ko’p hollarda bu kabi jinoyatlarga oddiy bezorilik sifatida qaragani uchun ko’p tanqid qilingan. Rossiya qonunchiligiga ko’ra, bezorilik ketidan militsiyaga tushgan odamlar qattiq jazolanmaydilar.

Moskvadagi Karnegi markazining mutaxassisi Aleksey Malashenkoning aytishicha, iqtisodiy nochorlik hamda norasolik ruhi ko’plab rus yoshlarida chet-elliklarga qarshi salbiy hissiyotlarning kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda.

"Rossiya jamiyatining aksariyat qismi Rossiya balki kelajakda yana buyuk davlatga aylanadi degan umidda," deydi u. "Millatchilik G’arbga qarshi qaratilgan bo’lishi va undan ijtimoiy birlikni keltirib chiqarishga yordam beradigan vosita sifatida foydalanilishi mumkindir."

Rossiyada millatchilik mafkurasini qo’llab-quvvatlaydigan siyosiy partiyalar yo’q emas. Ulardan biri, Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi Liberal-Demokratik partiya 1993 yili parlamentda o’rinlarning 20 foizdan ko’prog’ini qo’lga kiritgan edi. Jirinovskiy bir vaqtlar Rossiya Finlyandiya va Alyaskani tortib olib, sobiq imperiyasi hududini qayta tiklashi kerak, degan edi.

Parlamentga millatchilik shiorlari ostida ikki yil avval kelgan yana bir partiya “Vatan”dir. Tahlilchilar nazarida kommunistlarning ta’sirini susaytirish maqsadida Kreml tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan ushbu partiyaning Kavkaz va Markaziy Osiyodan ish qidirib Rossiyaga kelganlarni mamlakatdan chiqarishga qaratilgan chaqiriqlari ko’plab rossiyaliklarni o’ziga jalb qiladi. Biroq tanqidchilarning ta’kidlashicha, bu 2008 yilgi parlament va prezident saylovlaridan oldingi siyosatchilarning ovoz yig’ishga qaratilgan o’yinlarigina xolos.

Moskvadagi siyosiy tahlilchi Nikolay Petrovning aytishicha, bu usullarning qo’llanilishi yangilik emas.

"Markaziy hukumat hokimiyatni o’z qo’lida qoldirish uchun 1996 yildagidek yana biron-bir tahdid bahonasini ishga solishi mumkin,” deydi janob Petrov. “O’sha paytda tahdid kommunistlarning qaytib kelishi bo’lgan va maqsad shu orqali sobiq prezident Yeltsin guruhini yaxshi ko’rsatish edi.”

Millatchilik siyosiy ehtiyojlarni qondirish uchun qo’l kelsada, Nikolay Petrov nazarida, bu jarayonni va millatchi guruhlarni nazorat ostida ushlab turish qiyin kechadi.

XS
SM
MD
LG