Breaking News

Rossiyada noqonuniy muhojirlikka qarshi qonun kuchga kirdi


Rossiya hukumati noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash siyosatini kuchaytirmoqda. 15 yanvardan boshlab mamlakat bo’ylab hujjatsiz ishchi migrantlar faoliyatini cheklovchi qonun kuchga kirdi. Rossiyada muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchaygan, irqiy kamsitish va qotilliklar avjida.

Qabul qilingan yangi qonunga ko’ra, 2007 yildan boshlab xorijiy ishchilar kvotasi 6 milliondan oshmasligi lozim. Bugunga kelib esa mamlakat bo’ylab 10-12 millionga yaqin muhojir ishchi bor. Aksariyati noqonuniy.

Yangi qonun sobiq Sovet respublikalari fuqarolari uchun Rossiyaga kelib ishlashni osonlashtirishi bilan birga noqonuniy muhojirlarni ishga olgan korxona va tashkilotlarga jarima miqdorini ham oshiradi.

Prezident Vladimir Putinning aytishicha, qonun Rossiya fuqarolarining kichik bizneslar boshlab, ko’proq daromad olish uchun imkoniyatini oshiradi.

Tanqidchilar nazarida esa bu qaror bilan Rossiyda muhojirlarni xush ko’rmaslik hollari ko’payadi. Shuningdek, neft sanoati va mamlakat demografiyasiga ham zarar yetishi mumkin. Rossiya aholisi yiliga 700 mingga kamaymoqda va hozirda 143 millionga ham yetmaydi.

Jahon Bankiga ko’ra, mehnat bozoridagi muvozanatni saqlash uchun Rossiya har yili bir millionga yaqin muhojirni ishga olishi lozim. Yangi qonun esa bunga yo’l bermaydi.

Qonunni buzgan firma va kompaniyalar har bir noqonuniy ishchi uchun 30 ming dollar jarima to’laydi va uch yilgacha faoliyat ko’rsata olmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG