O’zbekistondagi iqtisodiy nochorlik tufayli minglab odamlar ish izlab Rossiyaga jo’nab ketmoqda.
Biroq u yerda og’ir mehnat qilib topilgan maoshni undirib olish oson emas.
Haqini talab qila olmaydigan noqonuniy muhojirlar qalloblarning qo’lida o’yinchoq. Sharhlovchilar nazarida minglab fuqarolar haq-huquqining poymol qilinayotganidan aslida kimlardir manfaatdor.
Rossiyada uch yil mobaynida qullikda ishlatilgan o`zbekistonliklar rossiyalik tadbirkor Valeriy Aganesyandan 72 ming AQSh dollari miqdorida ish haqi undirilishini talab qilmoqda.
Bu o`zbekistonlik mehnat muhojirlari qullikka tushayotgan birinchi holat emas. Huquq himoyachilarining aytishicha, mazkur holatda ish beruvchi kimligi, manzili aniq, da`vogarlar tayin, masala yechimi huquq tartibot organlariga bog`liq.
Buxoroning Shofirkon tumanilik 11 nafar mehnat muhojiri 2003-2006 yillar oralig’ida Rossiyada bo`lgan. Ular uch yil mobaynida Rossiyaning Barnaul shahri “Zaveti Ilicha” posyolkasida yashovchi Valeriy Aganesyan qo`lida ishlagan.
Aganesyan ulardan hujjatlarini torib olib, kaltak ostida ishlatgan. 2005 yilda muhojirlardan biri qochishga muvaffaq bo`ladi. U Aganesyan ish haqini to`lamasa, tegishli joyga xabar berishini aytib ogohlantiradi.
Valeriy Aganesyan moddiy qiyinchiliklar bois ish haqini keyinroq to’lashga va`da beradi. O`zbekistonliklar maslahatlashib, ikki kishini ish haqini olish uchun qoldirib, yurtga qaytadi.
Qolgan ikki muhojir - Tolib Qodirov, Ali Avezovlar bir yil mobaynida ayovsiz ishlatiladi, keyin militsiya ularni O`zbekistonga deportatsiya qiladi. Yaqinda ular huquq himoaychilariga murojaat qilgan.
“Uch yil mobaynida ular ish haqi olmagan. O`zbekistonga kelgach, muhojirlar huquqini himoya qiluvchi biror tashkilot yo`qligi uchun qayerga murojaat qilishni bilmay yurgan. Bu vaqt mobaynida Aganesyanga ham telefon qilib maoshlarini talab qilib kelishgan, oxiri umidlari puchga chiqqach, huquq himoyachilariga murojaat qilishgan,” - deydi Qiynoqlarga tezkor javob berish guruhi vakili Suhrob Ismoilov.
Mazkur tashkilotning Buxoro viloyatidagi vakili Vohid Karimovning aytishicha, Shofirkonning Sho`rob qishlog`ida istiqomat qiluvchi bu yigitlarning ko`pi kasal bo`lib qaytgan.
“Aganesyanni o`zi uyda turib, Aris va Ardak degan ukalariga bularni nazorat qilsini buyurgan. Ular kelsa, yigitlar yig’lab yuborar ekan, shu darajada qo`rqishgan, sal narsaga kaltaklashgan. Aniq manzili, ishlagan joylari, shahri ma`lum. Rossiya prokuraturasi ham, boshqasi ham shunga e`tibor qaratadi deb o’ylaymiz. 11 kishidan to`qqiztasi ikki yil ishlagan, qolgan ikki kishi uch yil ishlagan, ular hammasini hisoblab ish haqimiz 72 ming dollar bo`ladi, shuni bersin deb talab qilmoqda,” - deydi Vohid Karimov.
Suhrob Ismoilovning aytishicha, masalani hal qilish Rossiya va O`zbekiston huquq tartibot organlari qo’lida.
“Agar ular birgalashib bu ishni rasmiy darajaga ko`tarsa, albatta, muhojirlarning ish haqini qaytarish imkoniyati bor, hali da`vo ariza bildirish vaqti o`tmagan,” - deydi u.
O`zbekistonliklar muhojirlar uch yil mobaynida Barnaulning Aleyskiy tumanida ikkita chorva fermasi qurishgan, bolalar bog`chasi, maktab, madaniyat saroyini ta`mirdan chiqarishgan.
Aleyskiy tumani Ichki ishlar boshqarmasi va prokuratura binosini ta`mirlashgan, ko`chalarga asfalt yotqizib, remont qilishgan, kuniga 14 soatdan qul sifatida ishlatilgan.
Shofirkonlik muhojirlar bilan bo`gliq hodisa birinchi va oxirgisi emas, millionlab fuqarolar mamlakat tashqarisidan ish qidirishga majbur, yuzlab o`zbekistonliklar Rossiyada, Qozog`istonda qul qilib ishlayilayotgani haqidagi xabarlar tez-tez uchraydi.
O’zbekistondagi ishsizlik, og`ir iqtisodiy ahvol, deyarli 6-7 millionga yaqin mehnat muhojirlarining himoyasi uchun hukumat hech narsa qilmayotgani bunga sabab qilib ko’rsatilmoqda.