O`zbekistondan ish topish ilinjida chiqib ketayotgan fuqarolarning mamlakat tashqarisida turli tahqirlarga uchrayotganlari haqida ko’plab xabarlar chiqmoqda. Yaqinda Rossiyada bir o`zbekistonlik mahalliy millatchilar tomonidan pichoqlab ketilgan edi.
Rossiyada bir guruh o`zbekistonliklarning tahqirlangan holda kuch bilan ushlab turilgani haqida O`zbekiston “Ezgulik” inson huquqlarini tashkiloti Namangandan olingan manbalarga asoslanib xabar bermoqda. Tashkilot rahbari Vasila Inoyatovaga ko`ra, ularga tahqirga uchragan kishilarning oila a`zolari murojaat qilishgan.
“Bu shikoyatga ko`ra, O`zbekistondan firibgarlik yo`li bilan olib ketilgan o`zbeklar Rossiyaning Nijniy Novgorod va Ivanova viloyatida tahqirlangan va xo`rlangan holda kuch bilan ushlab turilganliklari aytiladi. Ular 15-16 soat tnimsiz ishlashga, axlatxonalardan temir- tersak yi`gishga majbur qilingan. Ular bizga ish haqimizni bermayapsizlar, O’zbekistonga qaytamiz deyishganda, avtomatlar yordamida ularga ketishga ruxsat berishmagan, och qoldirishgan. Natijada ular axlatxonadan oziqlanishga majbur bo`lishgan. Bundan ortiq xo`rlik bo`lishi mumkin emas. Bugunga kelib shunday shikoyatlarning soni ikki yuzdan oshib ketdi”, - deydi Vasila Inoyatova .
“Ezgulik” tashkilotiga ko`ra bu haqda hukumatning mas`ul idoralari ogohlantirilgan, zarur chora tadbirlar ko`rishga chaqirilgan, biroq tashkilotning bayonoti hozircha natijasiz qolmoqda.
Tashkilot rahbarining ta`kidlashicha, O`zbekiston ichkarisida ishchilarning huquqlari toptalayotgan, ular yillab maosh ololmay yurgan bir paytda, hukumat tashqaridagi ishchilarning muammosi bilan shug’ullanishni lozim topmayapti.
Bu borada O`zbekiston Mehnat va ijtimoiy ta`minot vazirligi tomonidan avval bildirilgan munosabatlarda faqatgina mehnat shartnomasi asosida ketayotgan fuqarolarni himoya qila olishlari ta’kidlab o`tilgan edi. Mehnat muhojirlarining asosiy qismi bunday shartnomalarga ega emas.
O`zbekistondan ishlab izlab Qozog`istonga, Rossiyaga chiqib ketayotgan kishilarning aniq soni haqida biron rasmi ma`lumotlat yoq. Norasmiy ma`lumotlarga, ko`ra har yili O`zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar soni 2 milliondan oshiq.
Muxolifat vakillari va inson huquqlari tashkilotlari hukumatni bu fuqarolar taqdiri bilan umuman qiziqmayotganlikda va ularning himoyasini ta`minlamayotganlikda ayblab kelishadi.
Mahalliy kuztuvchilarning fikrlariga ko`ra, so`ggi paytda O`zbekiston va Rossiya hukumatlari o`rtasida tuzilgan ittifoqchilik shrtnomasi o`zbekistonlik fuqarolarni himoyalash, bu boradagi muammolarni hal etish uchun qulay imkoniyat yaratadi, biroq amalda bunday imkoniyatdan foydalanish kuzatilmayapti.
Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabekka ko`ra Rossiya bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzilgan ekan, Rossiyadagi o`zbekistonliklar ham o`zlarini ana shu davlatning tarkibiy bir qismi sifatida his etishi lozim edi.
“Bu o`zbeklar haqiqatda o`z milliy manfaatlarini himoya qila oladigan hukumatga ega emasliklarini ko`rsatadi”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Baxtiyor Isabekka ko`ra, Rossiya bilan tuzilgan ittifoqchilik shartnomasi ko`proq O`zbekiston hukumatining xavfsizligi kafolati uchun tuzulgan va shartnoma O`zbekiston xalqining manfaatlarini himoya qilmayapti.
Kuzatuvchilarga ko`ra, ish izlab ketayotganlarning asosiy qismi qishloqlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardir. Agar O`zbekistonda qishloq xo`jaligi mahsulotlariga nisbatan davlat nazorati bekor qilinsa, dehqonlar o`z mahsulotlarini o`zlari sotish imkoniyatiga ega bo`lishsa, mehnat muhojirlarining soni keskin kamayishi mumkin.