Breaking News

Amerika: Hujjatsiz muhojirlar avf etiladi yoki badarg'a qilinadi


Amerika: Hujjatsiz muhojirlar avf etiladi yoki badarg'a qilinadi
Amerika: Hujjatsiz muhojirlar avf etiladi yoki badarg'a qilinadi
<!-- IMAGE -->

Amerika muhojirlar mamlakati. Hozirda aholisi 300 milliondan oshgan bu davlatda 11-12 million inson noqonuniy ravishda yashaydi.

Kongress, AQSh qonunchilik organi, uzoq yillardan beri bu muammoga yechim izlab keladi.

Masala murakkab, chunki bu yerda ildiz otib bo’lgan insonlarni kelgindi deb haydash ham siyosiy, ham insoniy jihatdan ko’pchilikka noma’qul.

Lekin ularga qonuniy maqom berish ham oson emas, chunki bu insonlarni ijtimoiy himoya qilish milliardlab dollarga tushadi. Jamoatchilik turlicha fikrda, lekin hukumatdan birdek adolat talab qilmoqda.



Salvadorlik Volter Kastro namoyishga chiqib, hukumatdan imkoniyat so’ramoqda. U Amerikaga yetti yoshida kelgan. Hukumatdan immigratsiya islohotini tezlashtirishga chaqirayotgan bunday aksiyalar Vashingtonda tez-tez kuzatiladi. Talabimiz bitta, deydi Kastro, millionlab noqonuniy muhojirlarga fuqarolikka o’tishga ruxsat berishsin.

“Hammasi qonun doirasida bo’lishi tarafdoriman. Mayli ulardan jarima oling, soliqlarni to’lashsin”, - deydi Kastro.

Lekin yaqin orada bunday qonun ovozdan o’tishi amrimahol, chunki qarshilik kuchli. Ayniqsa respublikachilar orasida.

“Amerika boshqa davlatlarning qashshoq, savodsiz odamlarini nega boqishi kerak?”, - deb so’raydi Den Shtein, AQShda muhojirlar sonini kamaytirishni, hatto immigratsiya dasturlarini vaqtincha to’xtatishni talab qilayotgan tashkilot rahbari.

“Amnistiya, fuqarolik haqida gap bo’lishi mumkin emas”, deydi u. “Chunki bu bilan yanada ko’proq odamni mamlakatga jalb qilgan bo’lamiz. Yurtiga qaytib ketganlar esa yana kelishga harakat qiladi”.

Yeseniya Sausido Amerika fuqarosi. Lekin uning onasi hujjatsiz ekani bois vatani Meksikaga deportatsiya qilinishi mumkin. Qonunni o’zgartirish haqida gap ko’p, amalda esa hech narsa o’zgarmayapti.

“Yana qancha kutish mumkin? Axir shu qonunni deb odamlar yaqinlaridan ajralib qolyapti, oilalar vayron bo’lyapti. Qani adolat?”, - deydi Sausido.

<!-- IMAGE -->

So’nggi payt Meksikadan AQShga kelayotgan muhojirlar oqimi biroz kamaygan, chunki ish joylari kam. Chegara nazorati ham kuchaygan. Politsiya korxona-tashkilotlarda reydlar o’tkazib, ushlanganlarni to’g’ri vataniga jo’natmoqda.

Bu siyosat tanqidchilari nazarida Amerika bu bilan o’ziga zarar qilmoqda. Axir bu davlat iqtisodiyotining katta qismi muhojirlar mehnatiga tayanadi, deydi muhojirlar tarafdori Elizio Medina.

“12 million immigrantni haydab yuborish o’rniga, fuqarolikka yo’l bering. Tayyor ishchi kuchi sizga. Hisoblarga ko’ra, ular iqtisodiyotga 1,5 trillion dollar foyda keltiradi”, - deydi Medina.

Immigratsion tadqiqotlar markazi xodimi Janet Kepxart bu qarashdan yiroq. Aksincha, deydi u, millionlab odamga hujjat berib, amerikaliklarning o’zi ishsiz qoladi. Ayni paytda ishsizlik 10 foiz atrofida.

“Bir tasavvur qilib ko’ring: hozirgi sharoitda yana kamida 11 million odam Amerika mehnat bozoriga qonuniy kirib kelsa. Yillar mobaynida huquq-tartibot idoralaridan yashirinib, jinoyatlarga qo’l urib, ruxsatsiz ishlab yurgan immigrantlar amerikaliklar bilan raqobatlasha boshlaydi”, - deydi tahlilchi.

Bundan uch yil oldin Vashingtonni larzaga solgan namoyishlar biror natija bermagan. Har ikki tomon manfaatini ko’zlovchi, adolatli bir yechim topish oson kechmayapti.

O’tgan oy ikki qonunchi taklif bilan chiqdi, ya’ni Amerikada qonuniy yashashni istagan muhojir soliq qarzlarini to’lashi, ingliz tilini o’rganishi va bir necha oylik ko’ngilli mehnatga rozi bo’lishi kerak. Immigrantlarni iqtisodiy talabga qarab, vaqtincha ishga olish ham muhokamada.

Amerikada shu yil so’nggida saylovlar - Demokrat va Respublikachilar uchun o’ta nozik davr. Vakillar qayta saylanmoqchi bo’lsa xalq kayfiyati bilan hisoblashmasdan iloj yo’q. Immigratsiya millionlab insonlar taqdirini belgilovchi muhim masala ekan Oq uy va Kongressdan qat’iy qaror kutilmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG