Breaking News

AQSh razvedkasi muhojirlarni ishga yollash dasturini boshladi


Qo’shma Shtatlar terrorga qarshi kurashda malakali kadrlar – til biluvchi mutaxassislar, tahlilchi va tarjimonlarga muhtoj.

Shu bois AQSh razvedka agentliklari yaqindan boshlab muhojirlarni, xususan arab va musulmonlarni ishga olish dasturini boshlagan. Lekin muhojirlar bu dasturni shubha bilan qarshi olmoqda.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi, Federal Qidiruv Byurosi va boshqa xavfsizlik agentliklari yaqinda muhojir jamoa vakillari bilan uchrashgan.

Haqiqat shuki bu agentliklarda arab, fors, dari va pashtu tillarida so’zlashuvchi, ayniqsa o’zga xalqlar, madaniyatlar bilan tanish mutaxassislar yetishmaydi. Maqsad bu o’rinlarni to’ldira oladigan yangi amerikaliklarni, fuqarolikni olgan muhojirlarni yollash. Biroq bu oson bo’lmayapti.

Asli pokistonlik, advokat Amina Xonning aytishicha, AQSh razvedka agentliklarining muhojirlar bilan qiziqayotgani savolga tutilishi tabiiy hol.

Uchrashuvda AQSh tashqi siyosati, terrorda gumon qilingan mahbuslarni tergov qilish jarayoni, maxfiy qamoqxonalar va immigratsiya siyosati tanqid ostiga olingan.

“Bir so’z bilan aytganda, hukumatga nisbatan ishonchsizlik va qo’rquv mavjud”, - deydi advokat.

Muhammad Majid Virjiniya shtati masjidlarining birida imomlik qiladi.

“Shuni anglash kerakki, ko’p hollarda muhojirlar vatanida xavfsizlik xizmatlari obro’-e’tiborga ega emas. Ularning faoliyati maxfiy operatsiyalar, nohaqlik va razillik bilan bog’lanadi”, - deydi imom Majid.

Ba’zi muhojirlarning aytishicha, josuslik ular jamiyatida kishiga isnod keltiruvchi kasb.

AQSh Davlat razvedkasi rahbari muovini Ronald Sanders fikricha barcha nozik mavzular o’rtaga qo’yilib, xavotir va savollarga javob berilsagina razvedka idoralari ishga yollashda muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

Ma’lumki, 2001 yilning 11 sentaybr voqealaridan so’ng ba’zi aksil-terror choralar, xususan musulmon tashkilotlarini kuzatuv ostiga qo’yish yoki Amerikaga kelmoqchi bo’lgan sayyoh va talabalarga vizalarning cheklanishi kuchli norozilikka sabab bo’lgan edi.

XS
SM
MD
LG