Breaking News

Amerikada telefon kompaniyalari muhojirlar pulini o'marmoqda


Amerikada muhojirlar odatda shanba-yakshanba kunlari vatanga sim qoqadi

Uyali aloqa kechki soat 9 dan keyin va dam olish kunlari mamlakat ichida tekinmasmi - soatlab gaplashish mumkin. Kim uchundir internet qulay.

Amerikadagi millionlab muhojirlar uchun esa - eng ko’p, uzoq sinalgan va arzon telefon kartochkalari. Qulay jihati - ishlatishga oson, kamxarj.

Lekin bu biznes juda qaltis ekanini, muhojirlarning pulini sezdirmay shilayotganini hamma ham bilmaydi.

Telefon kartochkalarini Amerikada deyarli har qadamda topasiz. Qong’iroq qilmoqchi bolgan mamlakatingizga qarab ularning turi ham mingdan ortiq. Kichik dokonlardan 2-5 dollarlik kartochka sotib olsa bo’ladi.

Ayrim hisoblarga ko'ra, bu biznes daromadbopligi jihatidan aptekalardan so'ng ikkinchi o'rinda turadi.Yiliga taxminan 500 million kartochka sotiladi. Biroq hamma shtatlardan ham bu sohani tartibga soluvchi qonunlar ishlab chiqilmagan.

Masala shu oy boshida Kongressdagi tinglovda muhokama qilindi. Bor-yo'g'i 11 shtatda telefon kartochkalari biznesiga doir qonunlar mavjudligi aytilmoqda. Mamlakat miqyosida ishlovchi yagona qoidalar tizimi yaratish taklifi hozirda qonunchilar muhokama-tahlilida. Qonun kuchga kirsa, uning ijrosini Federal Savdo Komissiyasi ta'minlaydi.

2 dollarligi bilan O'zbekistonga qo'ng'iroq qilib, chamasi bir soat gaplashish mumkin

“O’zbekistonga qo’ng’iroq qilish uchun telefon kartalaridan foydalanamiz. Avvallari, yangi kelganimizda internet orqali yoki do’konlardan haftada bir-ikki marta sotib olardik. Juda ko’pi telefon qilganingizda sizga aytgan vaqtidan ko’ra kamroq minut beradi”,-deydi o'zbekistonlik mana bu muhojir.

AQShda telefon kartochkalari - 4 milliard dollarlik gigant biznes

Immigrantlar keti uzilmaydigan Qo’shma Shtatlarda telefon kartasi bilan shug’ullanuvchi kompaniyalarning savdo aylanmasi yiliga 4 milliard dollar teng. Lekin bu biznes qalloblik, firibgarlikdan xoli emas.

AQShda iste’molchi huquqini himoya qiluvchi Federal Savdo Komissiyasi (Federal Trade Commission) oxirgi ikki yilda to’rt kompaniyaga (Diamond Phone Corporation, Alternatel, Voice Prepaid, Clifton Telecard Alliance) qarshi tergov ishi qo’zg’atgan.

Bu firmalar muhojirlar eng zich yashaydigan hududlarda – Nyu-York, Florida, Boston va Nyu-Jersida faoliyat ko’rsatadi. Ular xaridorni, ko’pi muhojir bo’lmish iste’molchilarni aldaganlikda ayblanmoqda.

Va'da qilingan minutlarning faqat 50 foizi ta'minlanadi

Komissiya rasmiysi, advokat Jenis Kestenbaumning (Janis Kestenbaum) “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu kompaniyalar gaplashish uchun qanchadir vaqt va’da qiladi, ammo uni bajarmaydi. Deylik, iste’molchiga bir soat berilishi kerak, aslida esa yarim soatdan keyin aloqa uziladi.

“Reklama qilingan, va’da qilingan vaqtning 40-50 foizi ta’minlanadi xolos”,- deydi Jenis Kestenbaum.

“Telefon kartochkalarning foydalanish haqidan tashqari ulab berish haqi ham bor (connection fee, maintenance fee, hung-up, destination surcharge). Lekin xaridor uni bilmaydi yoki e’tibor bermaydi. Shikoyat qilsangiz, kartochkaning orqasiga bu haqda yozib qo’yilgan-ku, o’qish kerak edi, deb javob berishadi”, - deydi o'zbekistonlik muhojirlardan biri.

Jenis Kestenbaumning tushuntirishicha, bu kartochkalarda telefon qilish tartibi, foydalanish qoidalari, qo’shimcha haqlar haqida ma’lumot to’liq, oddiy iste’molchi uchun sodda tilda, tushunarli qilib yozilmaydi.

Sud ishini boshlashga iste'molchilar, muhojirlar shikoyati turtki bergan

Odamlar Federal Savdo Komissiyasiga qo’ng’iroq qilib yoki veb saytga kirib, arzini aytgan.

Tergov jarayonida komissiya xodimlari telefon kartochkalarini olib, turli davlatlarga qo’ng’iroq qilgan, erinmay har bir daqiqani sanagan. Yuqorida tilga olingan kompaniyalardan uchtasi AQSh hukumatiga millionlab dollar jarima to’lashga rozi (Alternatel/Voice Prepaid kompaniyasi 2.2 million dollar, Clifton Telecard Alliance kompaniyasi 1.3 million dollar). Ularning faoliyati nazoratga olingan.

Yana biri ustidan (Diamond Phone Corporation) tergov ishi davom etmoqda.

Immigrantlar tilni, huquqini bilmagani uchun ko'pincha shikoyat qilmaydi

Avval mana shunday kompaniyada ishlagan, biroq ismini oshkor etmagan muhojirning aytishicha, suhbatni uzib qoyadigan maxsus qurilma mavjud. Kompaniyalar undan keng foydalanadi. Suhbat uziladi; yana qo’ng’iroq qilsangiz, hisobdagi vaqtingiz 5-10 daqiqaga kamayadi.

Ko’p muhojirlar ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun hech qayerga shikoyat qilmaydi. Boshqalar arzimagan vaqt uchun talashib-tortishamanmi deb qo’l siltaydi. Bu esa telefon kartochka bilan savdo qiluvchi kompaniya uchun millionlab dollar daromad degani.

Ba’zi hisoblarga ko’ra, muhojirlardan kuniga kamida 1 million dollar shilib olinadi

“Bu telefon kartalari ko’pincha naqd pulga – 2, 5, 10, 20 dollarga sotiladi. Har bir iste’molchi qancha pul to’lagan, kimga, qayerda to’lagan – buni bilish, aniqlash qiyin. Shu bois kompaniyalar to’lagan jarima odamlarga emas, davlat g’aznasiga tushadi. Maqsad – bozorni jinoiy faoliyatdan tozalash. Firib, qalloblikka qo’l urgan telefon kompaniyalarini ogohlantirish – biri qo’lga tushdimi, narigilariga ham navbat keladi”,- deydi Jenis Kestenbaum.

AQShda 2, 5, 20 dollar arzimagan pul bo’lib ko’rinishi mumkin, ammo deylik O’zbekiston yoki Tojikistonda bu pul kimningdir yarim maoshi, stipendiyasi. Muhojir bu mablag’ga qo’shib, uyga jo’natishi, oilasini boqishi mumkin.

Xaridorga bir juft maslahat...

Astoydil, peshona teri bilan topilgan xizmat haqini himoya qila olish, haq-huquqni talab qila olish ham kerak. Jenis Kestenbaum iste’molchiga shunday maslahat beradi.

“Reklamadagi yozuvni yaxshilab o’qib chiqing. Matni mayda qilib yozilgan, o’qib bo’lmaydigan kartochkalarni olmagan ma’qul. Har xil yashirin to’lovlar mana shunday mayda yozuvlar tagida yashirinadi. Do’kon sohibidan so’rab-surishtiring. Xaridor norozi bo’lsa, do’kon egasi pulni qaytarib beradimi? Tanishlar ham yaxshi maslahat beradi, har holda ular bozor bilan yaqinroq tanish. Telefon kompaniyasi necha yildan beri ishlab keladi – shuni so’rang. Kompaniya qancha tajribali bo’lsa, shuncha ishonchli”, - deydi Federal Savdo Komissiyasi xodimi.

XS
SM
MD
LG