Breaking News

Obama muhojir farzandi uchun ham o'rnak, ham ilhom


Demograflarga ko’ra, XXI asrning yarmiga borib AQSh aholisining tarkibi ancha o’zgaradi. Amerikaliklarning deyarli yarmi u davrga borib, latin amerikalik va osiyolik muhojirlarning avlodlari bo’ladi.

Keniyalik qora tanli ota va amerikalik oq tanli ayol farzandi bo’lmish Barak Obamaning prezident etib saylanishi bu jamiyatda madaniyatlar qorishmasi avjida ekanidan dalolat.

Immigrantlar va ularning Amerikada voyaga yetayotgan farzandlari tabiiyki Obamaning hokimiyatga kelishiga katta umid bilan qaramoqda.

Nyu -Yorkning Kvins tumani muhojirlarga to’la. Ta’lim maskanlarida bo’lsangiz, amerikaliklar haqidagi tasavvuringiz o’zgaradi.

Bu yerda tahsil oladiganlarning aksariyati Xitoy, Nepal, Bangladesh, Kolumbiya, Yaman va Misrdan kelgan.

Obamaning prezidentlikka saylangani, bu bolalar nazarida, olamshumul yangilik. . “O’zimga nisbatan ishonchim oshdi”-, deydi bangladeshlik o'quvchilardan biri:

“Amerika tarixida muhim sahifa ochildi desam xato qilmagan bo’laman”, - deydi u.

Xitoylik yana bir o'quvchiga ko'ra, qora tanli prezident bo’ldimi, demak Amerika o’zgarmoqda.

Nyu-Yorkda lotin-amerikalik muhojirlarga ko’maklashuvchi “Yo’lingni top” degan tashkilot ishlaydi. Kolumbiyalik Nora Chavez uning xodimi. Nora ikki farzandning onasi. Obamaning g’alabasi juda muhim voqea deydi u.

“Obama yutgach AQShda qolishga ahd qildim. Farzandlarim bu yer fuqarosi, ammo ularni butun umr latino deb kamsitilishiga qarshiman. Lekin endi muhojirlarga munosabat o’zgaradi, menimcha”, - deydi u.

Muhojir onaning kelajakdan umidi katta.

"Endi muhojirlar o’zini begonadek his qilmay, shu mamlakat uchun sidqidildan xizmat qiladi nazarimda", -deydi Nora.

Asli pokistonlik Muhammad Razviy Nyu-Yorkda osiyolik muhojirlarga xizmat qiladigan tashkilot rahbari. Unga ko'ra, Amerika muhojirlar diyori. Tub aholi aslida hindu va ularning avlodlari, qolganlari muhojir, deydi u.

“Besh bolam bor. Ularga yaqinda ro’y bergan o’zgarishni misol qilib, Amerika umidlar mamlakati, bu yerda intilgan, harakat qilgan albatta maqsadiga yetadi, deya nasihat qilaman”.

Maktab o’quvchilari orasida fuqarolikni qabul qilganlar kam bo’lsa-da, ular siyosat va rahbarlarning ishiga qiziqishini aytadi.

Talabalarga ko'ra, Obama urushga ketadigan pulni ta’lim olishga sarflamoqchi va saylovga faqat irq nuqtai nazaridan qarash noto’g’ri, ular butun xalq taqdirini hal qiladi.

Baraka Obama 20 yanvar kuni prezidentlik qasamyodini keltiradi. Muhojirlar, ayniqsa ularning farzandlari fikricha Obama har tomonlama yangicha rahbar bo’ladi. Chunki, deydi bu bolalar, Obama turli din va madaniyatlar haqida chuqurroq bilimga ega.

XS
SM
MD
LG