AQSh Davlat kotibasi, ya'ni tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonning aytishicha dunyo bo’ylab taraqqiyotni rag’batlantirish bu davlat tashqi siyosatidagi asosiy maqsadlardan biri.
“Oldinga siljishga urinayotgan jamiyatlarga yordam qo’lini cho’zish, ijtimoiy rivojlanishga hissa qo’shish biz uchun strategik ahamiyatga ega”, - deydi Xillari Klinton.
Klinton xonimning bu bayonotini AQShdan yordam kutayotgan hukumatlar diqqat bilan eshitgan bo’lsa ajabmas.
Davlat kotibasi Amerika moliyaviy yordami har bir jamiyat o’zagini rivojlantirishga qaratiladi demoqda. Yordam tuzumga emas, xalqqa atalgan.
“Dunyoning ko’plab qismlarida millionlab yoshlar ishsiz, imkoniyatsiz va umidsiz kun kechirar ekan, terrorizm, ekstremizm, zo’ravonlik va radikalizmni yenga olmaymiz. Millionlab oilalar bugun bir burda non topishga qiynalib o’tirgan paytda global taraqqiyot yoki ilg’or texnologiya haqida og’iz ko’pirtirish noo’rin. Bu insonlar globalizatsiyadan najot olayotgani yo’q. Ular zamonamiz jabrdiydalari”,- deydi Xillari Klinton.
Obama ma’muriyati chet elga noharbiy yordamni oshirmoqda. Har yili buning uchun 50 milliard dollar ajratiladi. “Har bir dollarni o’ylab, vaziyatni izchil o’rgangan holda beramiz”, deydi Klinton.
Asosiy vazifa AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) zimmasida. Unga yaqinda yangi rahbar etib 36 yoshli Rajiv Shoh, hind muhojir oilasidan chiqqan mutaxassis, tayinlandi.
Amerika puli bilan ish yuritadigan insonparvarlik tashkilotlari, nohukumat tuzilmalardan mukammal dasturlar talab qilinmoqda.
“O’zga xalqlarga madad berar ekanmiz, har bir jamiyatdagi ahvol, hukumat qandayligi, odamlarni nima qiynayotgani nazarga olinishi kerak. Bir qolipda ishlay olmaymiz. Masalan Yaman - ekstremizm o’chog’i, Gaiti esa tabiiy ofatlardan vayron bo’lgan. Pokistonda qashshoqlikka qarshi kurashayapmiz. Lekin Peru bizdan boshqacha yordam kutmoqda. Har bir davlatga alohida qaramasdan iloj yo’q”,- deydi Klinton.
Obama ma’muriyati Bush davridan qolgan ikki yirik loyihani davom ettiradi. Biri Ming yillikdagi Vazifalar Korporatsiyasi bo’lib, boshqaruvni rivojlantirish uchun mablag’ ajratadi. Ikkinchisi SPIDga qarshi kurash dasturi. Afrika bo’ylab bu kasallikni yengishda muhim rol o’ynab kelmoqda.
Ayollar hayotini yaxshilash Amerika taraqqiyot loyihalarida birinchi o’rinda.
“Xotin-qizlar turmushini osonlashtirish Qo’shma Shtatlar uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Jamiyat borki, uni ayollar tebratadi. Men xotin-qizlarning nufuzini oshirish uchun qariyb 40 yildan beri kurashib kelaman. Quruq gaplarning vaqti o’tdi. Amalda ayollar nimaga erishdi? Men, Amerikaning bosh diplomati sifatida, tashqi yordamimiz xotin-qizlarni yuksaltirish uchun xizmat qilishini ta’minlayman”,- deydi AQSh bosh diplomati.
Xillari Klinton deydiki, Amerikadan madad olayotgan davlatlar ko’makka siyosiy o’lja sifatida qaramasligi, uni xalq taraqqiyoti uchun sarflashi kerak. O’zaro aloqalar va manfaatlar deganda odamlar manfaati nazarda tutilishi shart.