Breaking News

Dunyo davlatlari Gaitiga 5 milliard dollar yordam ajratadi


Xalqaro hamjamiyat zilziladan vayron bo’lgan, xarob va qashshoq Gaitini qayta qurish uchun kelasi ikki yil davomida 5,3 milliard dollar yordam ajratishga tayyor.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Nyu-Yorkda donorlar anjumaniga mezbonlik qilar ekan, “bu kutilganidan ancha ziyoda” deya tahsin aytgan.

Donorlar anjumanida Gaiti uchun taxminan 4 milliard dollar jamg’arish ko’zlangan edi.

Dunyoning 50 dan ziyod davlati va xalqaro tashkilotlar irodani bir joyga to’pladi, deydi Pan Gi Mun. Biroq bu pul manzilga yetib borishini, samarali sarflanishini nazorat qilish kerak.

12 yanvar kuni tabiiy ofat urgan Gaiti yaqin uch yilda bu orol davlatga jami 10 milliard dollar ko’mak ajratish rejalangan.

Mablag’ning bir qismini – 1,15 milliard dollarni Qo’shma Shtatlar ko’targan. Yevropa Ittifoqi 1,6 milliard dollar va’da qilmoqda.

Maqsad Gaitining vayron bo’lgan infratuzilmasini tiklash, yangi ish o’rinlari yaratib, Karib dengizidagi bu davlatni taraqqiyot sari yo’naltirish.

Bu olamshumul, murakkab vazifa qariyb 10 yil vaqt olishi, 11,5 milliard dollar sarfiyat talab qilishi aytilmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, qurilish-tiklash ishlariga Gaiti rahbariyati bosh-qosh bo’ladi.

“Jarayon jadal, oshkora, mahsuldor kechishini kuzatib boramiz”, deydi u. Gaiti hukumati buning uchun 23 a’zolik komissiya tuzgan, uning tarkibida Gaiti rasmiylaridan tashqari AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton ham bor.

XS
SM
MD
LG