Gaitiga xalqaro yordam yetkazilar ekan, kuchli zilzila natijasida boshpanasiz qolgan poytaxt Port-o-Prens aholisi uch kundan beri ko'chada tunagan. AQSh mamlakatga harbiy kema safarbar qilgan. U qutqaruv ishlari va anjomlar yetkazish bilan shug'ullanuvchi vertolyotlar qo'nishi uchun aerodrom vazifasini bajaradi.
Qizil Xoch qo'mitasi hisoblariga ko'ra, 7 ballik yer silkinishidan 45-50 ming atrofida odam nobud bo'lgan. 2004 yildan beri Janubiy Afrikada surgunda yashayotgan sobiq Gaiti prezidenti Jan-Bertran Aristid mamlakatini qayta qurishda yordam berish uchun vatanga qaytishga tayyor ekanini bildirgan.
Prezident Barak Obama Gaitiga 100 million dollarlik yordam ko'rsatishga va'da bermoqda. AQSh qutqaruvchilari va tibbiy xizmatchilarining birinchi guruhi Karib dengizidagi bu mamlakatda ish boshlagan.
"Ular vayronalar ostida qolganlar hayotini saqlab qolishga urinmoqda. Harbiylarimiz aeroport xavfsizligini o'z qo'liga olib, ko'p tonnalik yukni qabul qilish uchun tayyor holatga keltirgan. Yordam surunkasiga 24 soat davomida kelishi kutilmoqda. Birinchi navbatda suv va dori-darmonlar yetkaziladi", - deydi Obama.
AQShning ikki mingdan ziyod harbiysi xavfsizlik, qidiruv va qutqaruv ishlari, gumanitar yukni yetkazish bilan shug'ullanadi.
Prezident Obama BMT va boshqa davlatlar bilan maslahatlashgan holda yordam ishlarini muvofiqlashtirmoqda.
"Sizlarni o'z holingizga tashlab qo'ymaymiz. Amerika va butun jahon eng og'ir kunda siz bilan bo'ladi", - deydi AQSh rahbari televideniye orqali gaitiliklarga murojaat qilib.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Gaitiga faqatgina hozir emas, keyinchalik ham yordam beramiz, deydi.
"Avval odamlarni qutqarib, muhtojlarni oziq-ovqat, suv, dori-darmon, boshpana bilan ta'minlaylik, so'ng Gaiti hukumati, nodavlat tashkilotlar va boshqa mamlakatlar bilan qayta qurish ishlari haqida o'ylanamiz".
AQSh sa'yi-harakatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali muvofiqlashtirilmoqda.
Boshqarma rahbari Rajiv Shohning aytishicha, qidiruv va qutqaruv ishlarini 10 ga yaqin guruh amalga oshirmoqda.
"Maxsus tibbiy markazlar ish boshlab, jarohatlanganlarni davolamoqda", - deydi u.
Qutqaruvchilar BMTning bedarak ketgan 150 ka yaqin xodimini ham izlamoqda.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, tunda estoniyalik bir xodim BMTga qarashli besh qavatli imorat qoldiqlari ostidan chiqarildi.
Xalqaro tashkilotning omon qolgan xodimlari zilziladan keyingi vaziyatni shunday tasvirlaydi.
"Ko'chalarda ko'plab jasadlarni ko'rish mumkin edi. Uylar - yangilari ham, eskilari ham yer bilan yakson bo'ldi. Fojia natijasida chiroqsiz qolgan Port-o-Prens tunda tashlandiq xaroba shahar. Vaziyat juda ham og'ir", - deydi Kim Bolduk.
Uning aytishicha, odamlar shok holatida. Takroriy silkinishlar bo'ladi, deb doimiy xavotirda.
BMTga qarashli Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Charlz Vinsentga ko'ra, poytaxtda ko'plab odamlar ikki kundan beri tuz totmagan.
"Bugundan boshlab oziq-ovqat aholiga tarqatila boshlaydi", - deydi u.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumoticha, Gaitida zilzila oqibatida 8 ta kasalxona vayron bo'lgan, qo'shni Dominikana Respublikasida esa ikkita tibbiy muassasaga jiddiy zarar yetgan.
"Bu tez yordam ishlariga pand bermoqda. Jabrdiydalarning aksariyati tan jarohati olgan", - deydi tashkilot vakili Pol Garvud.