Breaking News

Gaitidagi zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketgan


Gaitida kuchli zilzila Karib dengizidagi bu orol davlatga qattiq talofat keltirgan. 7 ballik silkinish natijasida binolar qulab, odamlar vayronalar ostida tiriklayin qolib ketgan.

Bu oxirgi 200 yilda ro’y bergan eng qaqshatqich tabiiy ofat ekani xabar qilinmoqda.

Guvohlarning aytishicha, poytaxt Port-o-Prinsda davlat idoralari, vazirlik, uy, maktablar, kasalxonalar, shuningdek, BMT binosi qulagan.

Zilzila paytida tinchlikparvar missiya xodimlari – salkam 100 kishi, jumladan, guruh rahbari Xedi Annabi binoda bo’lgani ma’lum.

Shahar jasadlarga to’lib bormoqda. Aloqa ishdan chiqqani bois talofat ko’lamini aniq aytish qiyin, deydi rasmiylar. Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi orol davlat tibbiy yordam, oziq-ovqat va aloqa vositalariga muhtoj, demoqda.

Zilzila qo’shni Dominikan Respublikasida ham sezilgan.

Gaiti mintaqadagi eng qoloq davlat bo’lib, o’lkada siyosiy beqarorlik, korrupsiya va tabiiy ofatlar hukmron. Zilzila uch million odam hayotiga zarba bergan.

Qo’shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gaitiga yordam va’da qilmoqda. AQSh vaziyatni kuzatib bormoqda va ko’mak berishga tayyor, deydi rasmiylar.

Gaitini qutqarish uchun ham gumanitar va harbiy bo’linmalar safarbar etilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Gaiti aholisi va tashkilotning u yerda xizmat qilayotgan xodimlari taqdiridan xavotirda. Gaitiga 10 million dollarga teng yordam ko'rsatiladi, deydi bosh kotib.

XS
SM
MD
LG