Breaking News

Kongress amerikaliklarni Gaiti uchun xayriya qilishga da'vat etmoqda


Gaitida zilzila asoratlariga qarshi kurash uchun 10 ming qo'shin safarbar etgan Qo'shma Shtatlar yana 4 ming harbiy jo'natishini aytmoqda. "Gaitidagi fojiaga tinch qarab tura olmaymiz, Amerika kuchini faqat urushda namoyish etishi kerak emas", deydi prezident Obama.

Kecha poytaxt Port-o-Prens yaqinida yana yer qimirlagan. 5,9 ball atrofida. Asosiy zilziladan zarar ko'rgan imoratlarning qulagani aytilmoqda. Qurbonlar haqida ma'lumot yo'q.

AQShdan Gaitiga yetib borgan maxsus kemada gaitiliklarga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda. Amerikalik shifokorlarga ko'ra, jabr ko'rganlarning uchdan biri bolalar. Ba'zilari yetim qolgan, boshqalari oilasini izlamoqda, deydi ulardan biri.

"Ota-onalar farzandlari qayerdaligini bilmay xunob", - deydi Uilyam Todd.

AQSh Kongressi amerikaliklarni Gaitiga yordam berishga da'vat etib, xayriya qilingan pulni federal soliqdan ozod etishni ko'zda tutgan qonun qabul qilishni rejalayapti.
Nyu-York shtatidan kongressmen Charli Reynjelning aytishicha, amerikaliklar turli nodavlat tashkilotlar orqali shu paytgacha Gaiti uchun ko'p pul xayriya qilgan.

Amerikaliklar 2009 yil uchun soliq deklaratsiyasini aprel oyigacha topshirishi zarur bo'lsa-da, yangi qonunga ko'ra, deydi kongressmen, ular joriy yilda xayriya qilingan pulni ham 2009 yil deklaratsiyasiga kiritishi mumkin bo'ladi.

Respublikachi kongressmen Erik Kantor har ikki yirik partiya qonunchilari masala bo'yicha hamfikr ekanidan mamnun.

"Ko'p masalalar bo'yicha uzoq tortishamiz, hattoki kelisha olmaymiz, biroq joriy hujjat qayg'uli damlarda hamjihatlikda ishlay olishimizdan darak", - deydi Kantor.

Yana bir respublikachi qonunchi Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, yangi qonun amerikaliklarni Gaiti uchun xayriya qilishga rag'batlantiradi.

"Prezident Obama xalqaro donorlar anjumanini chaqirib, Gaitiga zilzila asoratlaridan qutulish uchun yordamni tezlashtirishi kerak".

XS
SM
MD
LG