Qoradori savdosi har bir jamiyatga har tomonlama xavf solishi sir emas. Narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurash xavfsizlik, salomatlik va fuqaro ravnaqi uchun kurash degani.
AQSh Davlat departamenti jahon bo’ylab bu borada vaziyat qanday ekanini sarhisob qilib boradi.
"Qoradori ishlab chiqariladigan, sotiladigan va iste’mol qilinadigan davlatlar undan birdek zarar ko’radi", - deydi AQSh Davlat kotibining bu masala bo’yicha muovini Deyvid Jonson. "Giyohvandlik jamiyat ildiziga bolta uradi".
“Narkomaniya umubashariy muammo. Dunyoda giyohvandlik eng keng tarqalgan jamiyat bu Eron. Unga qarshi kurash keskin kechayotganini bilamiz. Kokainga talab eng kuchli mamlakat esa Qo’shma Shtatlar emas, balki Yevropa davlatlari bo’lib qolmoqda”,-deydi u.
Deyvid Jonsonning qayd etishicha, Kolumbiya – kokain manbai va shu tariqa jinoiy to’dalar makoni. Lekin oxirgi yillarda uni ishlab chiqarish ko’lami qisqargan. Hukumat qoradoriga qarshi kurashga zo’r bermoqda va ulkan natijalarga erishmoqda, deydi Amerika rasmiylari. Vashington bu davlatga moddiy yordamni oshirgan.
Lekin, deya tanqid qiladi Deyvid Jonson, Kolumbiyaga qo’shni Venesuela narkotiklar savdosiga ko’z yumib kemoqda.
“Venesuela qoradorisi Karib dengizi orqali Afrika va Yevropa jamiyatlariga yetib boradi. Ularni sotadigan jinoiy tizimlarning qo’li bugun ko’p narsaga yetadi. Bu jiddiy, juda jiddiy muammo”,- deydi u.
Osiyo haqida gap ketganda esa asosan Afg’oniston tilga olinadi. Afyun ishlab chiqarish darajasi o’tgan ikki yilda 39 foizga pasaygan, ammo vaziyat hamon juda og’ir. O’tgan yili jahon bozorida sotilgan afyunning 90 foizi aynan Afg’oniston zaminida yetishtirilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo yo’li ekani ma'lum.
Amerika narkotik moddalarga qarshi kurashda qo’shnisi Meksika hukumatiga tayanib kelmoqda. 2009 yilda Meksikada yirik kontrabandachilar qo’lga olingan. Uyushgan jinoyatchilik tizimlari fosh etilgan. AQSh bu davlat huquq-tartibot organlarini quvvatlab kelmoqda.
Davlat departamenti rasmiylarning tan olishicha, Amerika-Meksika chegarasi qoradori bozori.
“Sotilayotgan moddalar asosan Amerikaga olib kiriladi va bu yerdan xaridor topadi. Balki buni hamma ham sezmas, ammo narkotik iste’molining ta’siri har yerda namoyon bo’lmoqda”.
Qoradori savdosi xaritasiga nazar tashlasangiz, jinoiy tizimlar dunyoning deyarli barcha qismlarini egallab olganiga guvoh bo’lasiz. Hech kim kontrabanda balosidan xoli emas.