Breaking News

Karzay qasamyod keltirar ekan, "korrupsiyani tugataman" deydi


Afg’onistonda saylovga doir uzoq bahs-munozaralardan so’ng g’olib topilgan Hamid Karzay bugun qasamyod keltirgan.

Kobuldagi marosimda mahalliy va xorij arboblari oldida so’zlar ekan, Karzay hukumatda ildiz otgan, afg’on davlatchiligini qo’porayotgan korrupsiyani tugatishga va’da bergan.

Poytaxtda, prezident saroyida tantanavor chiqish qilgan Karzay “qonun va konstitutsiyani behurmat qilgan har qanday rasmiyni jazolaymiz, malakali, ishning ko’zini biladigan arboblarni yollaymiz” dedi.

O’z nuqtida Hamid Karzay xavfsizlik, qoradoriga qarshi kurash, mahalliy armiya malakasini oshirish, terrorizm ildiziga bolta urish zarurati haqida ham gapirdi.

Siyosiy raqiblari, saylovda qatnashgan arboblarga murojaat qilar ekan, mamlakatni birga boshqarishni, gina-kuduratni unutishni taklif qildi.

Marosimda qatnashgan AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton nazarida Afg’oniston hal qiluvchi, o’ta nozik davr ostonasida.

“Prezident Hamid Karzay va uning hukumati bu imkoniyatdan aqli rasolik bilan foydalanishi lozim. Bu ajoyib o’lka ahli - afg’on xalqi ishonchini qozoning, turmushini yaxshilang”,- deya da’vat etdi Klinton.

"Qo’shma Shtatlar urush va siyosiy beqarorlikdan toliqqan Afg’onistonni – ham hukumat, ham xalqni har jihatdan qo’llab-quvvatlashga, uni oyoqqa turg’azishda ko’maklashishga tayyor", -deydi vazira.

Saylov mashmashasi tugab, Karzay ishga kirishar ekan, prezident Barak Obama shu kunlarda Afg’onistonga doir yangi strategiyani bayon qiladi.

"Komil ishonch bilan aytamanki, mazkur reja urushga doir jamiki savollarga javob beradi", -deydi Obama. "Urush qiymati, nima qilish lozimligi, kurash yo’llari va davomiyligi – bariga oydinlik kiritamiz",- deydi AQSh rahbari.

Qo’shma Shtatlar armiyasi vazifani uddalaydi, jahon ahli tinch va osuda Afg’onistonni ko’rishga muvaffaq bo’ladi, deydi Barak Obama.

XS
SM
MD
LG