Breaking News

Afg'on parlamenti vazirlikka aksariyat nomzodlarni rad etdi


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Vazirlar Mahkamasiga ko’rsatgan nomzodlarning 70 foizi kutilmaganda parlament tomonidan rad etilgan.

Mahkama tarkibi tasdiqlanmas ekan, yangi hukumat ish boshlay olmaydi.

Ikkinchi muddatga saylangan Karzay korrupsiyani tugatishga va’da bergan, ammo u tanlagan nomzodlarning aksariyati avvalgi hukumatda ham ishlagan.

Afg’on deputatlari maxfiy tarzda bergan ovozlar hisob-kitobi shuni ko’rsatdiki, 24 nomzoddan 17 nafari qonunchilarga ma’qul emas.

Afg’oniston parlamenti ta’tilga chiqishga taraddud ko’rar ekan, energetika, tijorat va xotin-qizlar masalalari bilan shug’ullanuvchi eng muhim vazirliklar bo’sh qolmoqda. Rad etilgan arboblar qatorida Hirot viloyati hokimi, sobiq qo’mondon Ismoil Xon ham bor.

Prezident idorasiga ko’ra, Hamid Karzay vaziyatdan afsusda va konstitutsiyaga binoan qonunchilarga yangi ro’yxat taqdim etadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham prezident ko’zlagan vazifalar orqaga surilishini salbiy holat deb baholagan.

Parlamentda berilgan ovozlar natijasiga ko’ra, mudofaa, ichki ishlar va moliya vazirlari o’z lavozimida qoladi. Har uchalasi mamlakatda kechayotgan urush va qayta qurish loyihalarida muhim o’ringa ega.

Parlamentda muhokamalar ketayotgan bir paytda, prezident Karzay AQSh kuchlari qo’mondoni Stenli Makkristal bilan mamlakat janubini ko’zdan kechirib, NATO hujumlarida oddiy afg’onlar halok bo’layotganini qoralagan.

Kelasi oy Britaniyada Afg’onistonga doir muhim xalqaro anjuman rejalangan. Vazirlar Mahkamasi tarkibi ungacha tasdiqlanmasa, konferensiyada Afg’onistonning muvaqqat hukumati vakillari qatnashadi.

XS
SM
MD
LG