Breaking News

AQSh bir yarim yilda Afg'onistonda nimaga erisha oladi?




Barak Obama Afg’onistonda qo’shin sonini 30 mingga oshirib, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kelasi bir yarim yil ichida bu mamlakatda tinchlikni tiklaydi deya qayd etmoqda.

Vashington siyosiy doiralarida esa Amerika bunday qisqa vaqt mobaynida mintaqani tinchlantira olmaydi degan fikrlar hukmron.

Prezident Karzay “Afg’on jamiyatida chuqur ildiz otgan korrupsiyani albatta yengamiz” deydi.

Siyosatdonlar bu va’da ijrosini Afg’onistonga berilayotgan ko’makka bog’lash kerak deya eslatmoqda.

“Maqsadimiz - dunyoning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda afg’on armiyasini tezroq oyoqqa turg’azish, mas’uliyatni ularga topshirish”, - deydi Obama.

AQSh va NATO qo’shinlarini 1,5 yil ichida bu mamlakatdan chiqarish rejasini tushuntirar ekan, Obama afg’onlar o’z kelajagini o’zi quradi deydi.

Afg’oniston va Pokistonda AQShning uzoq muddatli hamkorlik qilish niyati yo’q, mintaqani tark etsa kunimiz yana Tolibonga qoladi degan xavotir hukmron.

Bu ko’pchilikka 1989 yil, sovetlar Afg’onistonni tark etgan davrni eslatmoqda, deydi tarixchi Frederik Kagan.

“Urushni vaziyatga qarab olib borish o’rniga, muddatini oldindan belgilab qo’yish, afsuski, xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda”, - deydi tahlilchi.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, gap Iroqdagidek aniq muhlat haqida ketmayapti. Prezident oliy qo’mondon sifatida qaroriga o’zgartirishlar kiritishi mumkin.

Shunga qaramasdan, AQSh mintaqada uzoq qolmasligi Afg’oniston hukumatiga ayon, deydi tadqiqotchi Entoni Kordsman.

“Obama urushni tugatishga ishora qilayotgani aniq. O’z nuqtiqa afg’on va Pokiston hukumatlariga shart qo’ydi, javobgarlik va muhlat haqida gapirdi. Lekin urush muhlatini sun’iy belgilab bo’lmaydi. Kelasi yillarda ko’p narsa o’zgarishi mumkin”, - deydi mutaxassis.

Boshqalar nazarida esa afg’on armiyasini oyoqqa turg’azish 2-3 yilda qilinadigan ish emas. Ularni jangga tayyorlash, o’zini-o’zi boshqara oladigan kuchga aylantirish uchun yillar kerak bo’ladi, deydi Maykl O’Xenlon.

“Obama, agar qayta saylansa, ikkinchi muddatda ham Afg’oniston kun tartibida qoladi. Kelasi 7 yilda u yerda loaqal salgina o’zgarishga erishsak katta gap”, - deydi tahlilchi.

Vest Poynt harbiy akademiyasida qilgan nutqida, AQSh rahbari Afg’onistonga moliyaviy yordamni oshirish masalasiga ham to’xtaldi.

“Sustkashlikni kechirib bo’lmaydi. Afg’oniston hukumati yordamga loyiq ekanini ko’rsatishi kerak”, - deydi AQSh rahbari.

Karzay korrupsiyani tugatishga, jangarilar bilan murosa yo’lida tinimsiz harakat qilishga va’da bermoqda. Lekin bunday va’dalar avval ham yangragan.

“Ularni islohotlarga boshlashning bir yo’li bu iqtisodiy bosim. Axir mamlakat byudjeti butunlay tashqi yordamga tayanadi. Nega bundan foydalanmayapmiz?” - deb so’raydi tarixchi Frederik Kagan.

Afg’onistonda belgilangan maqsadga Pokistonning faol ishtirokisiz erishib bo’lmaydi. Taxminlarga ko’ra Al-Qoida va Tolibon rahbarlari o’sha yerda.

“Ham Pokistonga, ham AQShga tahdid solayotgan bu guruhlarni yo’q qilish uchun yordamga tayyormiz”, deydi Obama. “Ular qayerda va maqsadi nima ekani hammaga ma’lum. Pokistondan jiddiy qadamlar kutamiz”.

Rasmiy Islomobod “agar AQSh ixtiyorida aniq razvedka ma’lumotlari bo’lsa, biz bilan bo’lishsin” demoqda. Afg’onistonga atalgan zobitlarning bir qismi shu oydayoq xizmatga jo’naydi. Jami 30 ming askar safarbar etish mo’ljallangan.

XS
SM
MD
LG