Breaking News

Afg'oniston janubida xalqaro koalitsiya hujumga o'tmoqda


Afg’onistonning Hilmand viloyatida afg’on, Britaniya va AQSh askarlaridan iborat 15 ming sonli qo’shin Tolibonga qarshi operatsiya boshlagan.

“Bir kecha-kunduzda 20 jangari yo’q qilinib, 11 nafari asirga oldik”, - deydi afg’on armiyasi qo’mondoni Shermuhammad Zazoiy.

Bugungi xurujda amerikalik 3 askar halok bo’lgan. Afg’oniston Mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardakning aytishicha, toliblar qattiq qarshilik ko’rsatmagan va armiya afyun savdo markazi hisoblanmish Marja shahriga osonlik bilan kirgan.

Prezident Hamid Karzay harbiy operatsiyadan tinch aholi jabr ko’rmasin, deya ogohlantirmoqda.

Xalqaro qo’shin va mahalliy armiya ishtirokidagi amaliyotdan maqsad Tolibonning Hilmanddagi yirik qarorgohini yo’q qilish. Prezident Karzay fursatdan foydalanib jangarilarni qurolini tashlab, tinch hayotga qaytishga chaqirgan.

Marja shahrida 80 ming aholi yashaydi. Ular koalitsiya hujumi haqida ikki hafta oldin ogohlantirilgan edi. Ko’pchilik uyini tark etgan.

XS
SM
MD
LG