Breaking News

Obama ma'muriyati afg'on siyosatini himoya qilmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, afg'on askarlari va politsiyasi malaka va saviyasi oshib, xavfsizlikni mustaqil ravishda ta'minlashga qodir bo'lsagina, Amerika harbiylari mamlakatdan chiqarila boradi. Prezident Obama rejasiga ko'ra, Afg'onistonga yana 30 ming askar yuboriladi. 2011 yil iyulidan boshlab esa ular vataniga qayta boshlaydi.

"Bu Afg'onistondan chiqish strategiyasi emas. Sana shartli ravishda belgilanmoqda", - deydi Robert Geyts.

AQSh vaziriga ko'ra, mahalliy sharoitlarga qarab, ancha xavfsiz hududlarda xavfsizlik nazorati asta-sekin afg'on kuchlariga topshiriladi. Bu o'rtada esa ularning harbiy tayyorgarligiga alohida e'tibor beriladi.

Respublikachi senator Jon Makkeyn qo'shinlarni Afg'onistondan chiqarishga muhlat qo'yib, xato qilyapmiz deydi.

"Ahvol sezilarli darajada ijobiy bo'lsagina, askarlarimiz sharaf bilan uyga qaytishi mumkin. Undan bir minut oldin ham, bir minut kech ham emas", - deydi Makkeyn.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy Qo'mondonligi rahbari general Deyvid Petreyus 2011 yil iyuliga Afg'onistondan chiqish sanasi deb qaramaslik kerak deydi.

"Shu kun kelishi bilan Afg'onistondan shosha-pisha chiqamiz deganimiz yo'q. Bu shunchaki mas'uliyatni afg'on kuchlariga topshirishni boshlashga ishoradir", - deydi Petreyus.

Prezident Obama yangi strategiyani o'tgan hafta oshkor qilar ekan, AQSh kuchlarining Afg'onistonda bir umr qolishga istagi ham, resurslari ham yo'q, Hamid Karzay hukumati korrupsiyaga qarshi kurashib, boshqaruv tizimini kuchaytirishi kerak degan edi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'oniston hukumati harakatlariga qarab emas, o'z manfaatlaridan kelib chiqib ish tutadi.

XS
SM
MD
LG