Harbiy yetakchilar Barak Obama rejasini Afg’onistonda tinchlikka erishishning eng ma’qul yo’li deya e’tirof etmoqda.
Afg’onistonga atalgan 30 ming sonli qo’shinning bir qismi shu oydayoq xizmatga jo’naydi. Mag’lubiyat, deya ogohlantiradi harbiylar, Tolibon hokimiyatga qaytib mamlakat yana ekstremizm o’cho’giga aylanadi degani.
Afg’oniston bo’yicha tahlil-muhokamalar tugab, vanihoyat maqsad-vazifalar aniq belgilab olindi. Ayrim tahlilchilar AQSh katta sonli armiyani bu mamlakatga bunchalik tez fursatda – 6 oyda qanday yetkazadi, deb so’ramoqda.
Mudofaa vaziri Robert Geyts ta’rificha harbiy kampaniya 1,5-2 yilga cho’ziladi. “Qo’shimcha resurslar bilan kelasi 18 oy ichida Afg’onistonda progress bo’lishiga ishonamiz”, - deydi u.
Uning aytishicha, yangi reja Afg’oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo mintaqasida strategik muvozanatni o’zgartirish uchun eng yaxshi imkoniyat. Amerika zobitlari asosan Afg’onistonning eng xavfli janubi-sharqiy hududlariga, boshqa davlatlardan esa shimol va g’arbga yuboriladi.
Viloyatlar birma-bir jangarilardan tozalangach, tartibni saqlash uchun Iroqda bo’lgani kabi qabila yetakchilari yordamidan foydalanish rejalangan.
Afg’onistonga safarbar etilayotgan 30 ming askar belgilangan vazifalarni bajarish uchun yetarlimi? Ma’lumki, qo’mondonlar Obamadan bundanda ko’proq madad so’ragan edi.
AQShning birinchi raqamli harbiysi Mayk Mullen “oldingisidan puxtaroq, chuqur o’ylangan va amalga oshirsa bo’ladigan reja bu”, - deydi. AQSh armiyasining ikki million a’zosi nomidan Mullen prezident qarorini olqishlamoqda.
Reja muhokamasi 3 oy davom etgan bo’lsa, unga ham harbiy, ham noharbiy mutaxassislar jalb qilindi. Harbiylar oldiga qo’yilgan vazifa ancha oydinlashdi – Tolibon ta’sirini cheklash, nisbatan xavfsizlikni ta’minlash va qolgan ishni afg’on armiyasiga topshirish.
Ham Geyts, ham Mullen nazarida 2011 yilgacha bunga erishish mumkin, biroq oson bo’lmaydi. Afg’onistonning 34 viloyatidan 11 tasi hozir Tolibon qo’lida. O’tgan yil mobaynida xurujlar 60 foizga oshgan.
AQSh Kongressida yangi strategiyani hozirgi ko’rinishida yoqlovchilar uncha ko’p emas. Ayrim demokratlar Afg’onistonni tezroq tark etish kerak desa, boshqalari urushga pul yo’q yoki soliqlarni oshirish lozim deydi. Muxolifatchi respublikachilarga askar safarbar etish qarori ma’qul, biroq urush muddatini belgilash xato deb uni tanqid qilmoqda.
Senator Jon Makkeyn Qurolli Kuchlar qo’mitasi a’zosi. Prezident saylovlarida Obamaning bosh raqibi edi. “Amerika zobitlari Afg’onistonda g’alaba qilib, uyga mag’rur qaytishi kerak. Urush muddatini sun’iy belgilash dushmanni ruhlantiradi, ittifoqchilarning missiyaga ishonchini pasaytiradi”, - deydi keksa arbob.
Jo Liberman singari boshqa qonunchilar nazarida esa Obama siyosiy o’yinlarni chetga surib, Amerika xavfsizligini birinchi o’ringa qo’ymoqda.
Yangi strategiyada AQSh qo’shini 2011 yilning yozida Afg’onistonni tark eta boshlashi belgilangan. Buning bir sababi, deydi rasmiylar, afg’onlarga mas’uliyat ularning ham bo’ynida ekanini uqtirish, Karzay hukumatini davlat boshqaruvini kuchaytirishga undash.
Afg’onistonga qo’shimcha kuch safarbar etish Amerikaga kelasi bir yilda 30 milliard dollarga tushadi. Strategiyani xalqqa va qonunchilarga tushuntirish, Kongressni mablag’ ajratishga ko’ndirish kabi murakkab ishlar hali oldinda.