Breaking News

Nazif Shahroniy: Obamaning bu rejasi samara bermaydi


Amerikani Afg’onistonda dadilroq qadam tashlashga undab kelayotgan ziyolilardan biri o’zbek olimi, Indiana Universiteti professori Nazif Shahroniy bo’lib, uning fikricha Vashington dunyoning bu notinch qismida uzoqni ko’zlab ish tutishi lozim. Davlatchilikni mustahkamlash kerak. Xalqning hukumatga ishonchini oshirish uchun fundamental o’zgarishlar qilish kerak.

Shahroniy nazarida Afg’onistondagi asosiy muammo hokimiyatning o’zida. Mamlakatni kuchli federal tuzumga aylantirish kerak.

“Amerika Ovozi” Obama nutqi ketidan bu olim bilan muloqotda bo’ldi.

"Amerika Ovozi": Shahroniy janoblari, siz Obama ma’muriyatini yangi afg’on davlati qurishga undab kelasiz, lekin prezidentning so’zlariga qaraganda, Amerika bunday g’oya va maqsadlardan ancha yiroq ko’rinadi. Yangi strategiya haqida qanday fikrdasiz?

Shahroniy: Nutqni qunt bilan eshitdim. Fikrim shuki, Afg’onistonda tuzum o’zgarmasa, bu yangi strategiya ish bermaydi. Amerika Afg’onistondagi siyosiy hayotga aralashmoqchi emasdir, ammo parda ortidan bunday qilmasdan iloj yo’q. Qilmasa, biror maqsadga erishib bo’lmaydi.

"Amerika Ovozi": O’zgarish haqida gapirayapsiz. Aynan nima qilish kerak? Hamid Karzay boshchiligidagi hokimiyat, AQSh nazarida, demokratik hukumat.

Shahroniy: Yo’q, men bu fikrga qo’shilmayman. Xalqning bu hukumatga ishonchi yo’q. Tuzumni o’zgartirmasdan boshqa yo’l yo’q. Markaziy hukumatdan voz kechib, yangi federal hukumat joriy etish kerak. Odamlar mahalliy hokimlarni, kengash a’zolarini o’zi tanlasin, saylasin. AQSh kelasi bir yarim yil ichida mahalliy armiya qudratini oshirmoqchi. Amerikaliklar agar markaziy hukumat hamkorlik qilmasa, unda viloyatlardagi kuchlar bilan ishlamoqchi. Hozirgi holatda bunday qilib bo’lmaydi axir. Amerika hamon afg’on jamiyatini, u yerdagi shart-sharoitni tushunmaydi.

"Amerika Ovozi": Kechagina Afg’onistondan qaytdingiz… Jamoatchilik Amerikadan nima kutayapti? Prezident Obama Afg’oniston kelajagi bu xalqning o’z qo’lida deydi. Amaliy jihatdan bu gapda jon bormi?

Shahroniy: Yo’q. Afg’on xalqi nazarida hozirgi hukumat faqat o’g’rilardan iborat. Og'irlikdan boshqa hech narsa qilmaydigan hokimiyat. Karzayning yangi hukumatida kim bo’ladi? Hozirgi amaldorlardan boshqa odamlar keladimi? Kelmasa, hech qanday yangilik bo’lmaydi. Xalq bugun juda umidsiz ahvolda. Chunki ular Hamid Karzayning atrofdagi siyosatchilarga bergan va’dalarini yaxshi biladi. Karzay qarzga botgan odam.

"Amerika Ovozi": Siyosiy qarzga demoqchimisiz?

Shahroniy: Shunday. Turli amaldorlarga "meni quvvatlasang, vazir qilaman" deb va’da bergan. Turli elat va qavm vakillariga katta-katta joylarni va’da qilgan. Qarabsizki, ana shu odamlar xalqning nasibasini o’g’rilashda davom etaveradi. Bo’lsa agar, 20-30 oila naf ko’radi. Xalq esa g’urbatdan chiqmaydi. Bunday tuzum Afg’onistonga kerak emas. Uning vaqti o’tdi. Amerikaning o’zi buni olti oy yoki bir yilning ichida ko’radi.

"Amerika Ovozi": Afg’oniston hech qachon hech kimga bosh egmagan degan mag’rur so’zlarni tez tez eshitamiz, lekin tinchlik bu xalqning azaliy orzusiga aylangani ham sir emas.

Shahroniy: Afg’oniston rahbariyati shunday so’zlarni ko’p aytadi. Bu so’zlar umuman noto’g’ri. Avvalo afg’onlar o’z tarixini yaxshi bilmaydi. Afg’oniston erkin emas, bo’lmagan va hozirgi ahvolda davom etsa, bo’lmaydi ham. Afg’on rahbarlari hamisha tashqi kuchlardan madad olib kelgan. Shu bois Afg’oniston hech kimga tan bermaydi degan gaplar g’irt safsata. Rahbarlar shunday quruq gaplarni aytib, o'zaro urushib keladi. Chet elliklar bilan ishlash bu o’sha 10-15 hukmron oilaga moliyaviy manfaat olib keladi. Butun maqsad o’zi shu. Millatga hech narsa tegmaydi. Hukumat g’avg’o chiqarishdan to’xtamaydi. Haqiqat shuki afg’on xalqi zindonda. Erkin bo’lsa, amaldorlar nonidan ayriladi.

"Amerika Ovozi": Demak, afg’onlar afg’onlarni aldab kelmoqda…

Shahroniy: Shunday. Doim shunday bo’lgan va agar tuzum o’zgarmasa, o’zimizni o’zimiz aldashda davom etamiz. Rahbariyat xalqni yolg’onlarga ko’mib keladi. Xalq buni biladi lekin hech narsa qila olmaydi.

"Amerika Ovozi": Balki Amerika ham bugun buni anglab yetgandir. Balki shuning uchun qisqa muddatli strategiya bilan chiqayotgandir.

Shahroniy: Ha, Amerikani buni tushunib yetayapti, nazarimda. Bunday rahbariyat bilan biror narsaga erishib bo’lmasligini bilayapti. Shuning uchun ham dadilroq harakat qilishi kerak. Agar AQSh afg’on xalqi ishonchini oqlamoqchi bo’lsa, vaziyatni tubdan o’zgartirish haqida o’ylashi kerak va parda ortidan turib bo’lsa-da, bunga harakat qilishi kerak. Mening umidim shuki, Amerika baribir qarab turmaydi va mamlakatimizda biror ijobiy o’zgarishlar bo’ladi, tinchlik keladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG