O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bugun AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus elchisi Richard Xolbrukni qabul qilgan.
AQSh elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda AQSh va O'zbekiston o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Afg'oniston masalasi muhokama qilingan.
O'zbekiston Afg'onistondagi xalqaro kuchlarga shimol orqali noharbiy yuk yetkazuvchi tizimda (Shimoliy Ta'minot Tizimi) muhim rol o'ynayotgan davlat.
Bugungi yuzma-yuz muloqot tafsilotlari e'lon qilinmayapti.
“Xolbrukning tashrifi dekabr oyida Vashingtonda yo'lga qo'yilgan maslahat kengashi doirasida tashkil etilgan”, - deya bildiradi AQSh elchixonasi.
O'zbekiston bir oz avval 2010 yilda AQSh bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan dasturni e'lon qilgan edi.
O'zbekiston Afg'oniston bo'yicha 6+3 guruhini tuzish tashabbusini olg'a surmoqda. Unga Markaziy Osiyoning besh respublikasi va Afg'oniston hamda AQSh, Rossiya va NATO kiradi.
Vashington hali yuqoridagi taklifga rasman munosabat bildirmagan. Karimov va Xolbruk uchrashuvida bu tashabbus qanchalik muhokama qilingani ham noma'lum. Asosan Afg’oniston masalasi haqida fikr almashilgani ta’kidlanadi.
Oxirgi bir yilda o'rtada bordi-keldi faollashgan. 2009 yilda AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Deyvid Petreyus Toshkentga ikki bor safar qilgan edi.
“Richard Xolbrukning tashrifidan maqsad Afg'onistondagi vaziyatni yaqindan muhokama qilish. Nazarimda Afg'onistonda xalqaro qo’shinga O'zbekiston hozir ko'rsatayotgan yordam – tranzit yo’lidan tashqari yana qanday ko'mak berish mumkinligi ko’rib chiqilsa kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.