Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov fikricha Afg'onistonga qo’shimcha askarlar yuborish hozirgi vaziyat yuzasidan chiqarilgan to’g’ri qaror.
“Ma'qul tomoni - toliblarni tezroq qurolsizlantirish kerak. Obamani taklifi ikki mazmunga ega. Askarlarni ko'paytirib, toliblarga qarshi kurashni tezlashtrish. Ayni paytda Karzayni qabila boshliqlari bilan muzokara qilishga undab, Tolibonni mavqeini bo’shashtirishni maqsad qilmoqda. Lekin afsus, Karzay qo’lidan hech ish kelmayapti, AQSh Karzayga ishonmasdan ittifoqchilari bilan bu borada o'zi jiddiy ishlashi kerak”, - deydi Is’hoqov.
Olimning aytishicha, u Afg'oniston tarixi, bu yerda kechgan siyosiy kurashlar tarixi bilan yaxshi tanish. Afg'onistonni zabt etish uchun kirgan imperiyalar hozirgacha mag'buliyatga uchrab kelgan. Biroq AQShning missiyasi mamlakatni zabt etishdan iborat emas.
“Toliblarni yo'qotib tinchitsa, shu katta muvaffaqiyat. AQSh u yerda o'zining nazoratini o'rnatishga harakat qilayotgani yo'q. Afg'onistonda joylashaman desa, hozirgi inqiroz davrida ahvoli og’irlashib ketadi. Agar ko'proq qoladigan bo'lsa, yana agressorga o'xshab qoladi”, - deydi olim.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha vaziyat keskinligicha qolishi qo'shinlar yetishmovchiligi bilan bog'liq emas.
“Afg'oniston xalqiga aniq va katta yordam ko'rsatilmas ekan, u yerga 200 ming qo'shin kiritilsa ham vaziyat o'zgarmaydi. O'zbekiston rahbariyati ham shunday hisoblaydi. Bu narsani AQSh ham, uning asosiy ittifoqchisi Britaniya ham tushunib turibdi”, - deydi Soyibnazarov.
AQSh prezidentining yangi strategiyasiga ko'ra, harbiy amaliyotlar Afg'onistonni qayta qurish, iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni tiklash bilan barobar yuritilishi kerak.
Sharhlovchilar Afg`onistonda ijtimoiy- siyosiy vaziyat tarangligicha qolish sabablarini yaqinda ikkinchi muddatga prezidentlikka saylangan Hamid Karzay hukumatining layoqatsizligi bilan ham bog'lashadi.
Korrupsiyaning mamlakat miqyosida keng ildiz otishi oddiy aholining hukumat o'zgarishidan kutgan umidlarini puchga chiqarmoqda.
“Vaziyat brinchi navbatda Afg'oniston xalqiga bog’liq. Hukumat xalq tomonida turib, korrupsiyadan, xalqaro jamoatchilik talab qilayotgan boshqa illatlardan qutulmas ekan, AQShni yangi strategiyasi natija berishi ham qiyin. Vaziyat hozir keskinligicha qolmoqda, ayniqsa Afg'oniston-Pokiston chegara hududlarida”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.
AQShning Afg`oniston bo`yicha yangi strategiyasida Pokistonga ham alohida e’tibor qaratiladi.
AQSh Pokistonga berilayotgan moddiy yordam hajmini oshirib, toliblarga qarshi kurashda Pokiston harbiylari ishtirokini kengaytirmoqchi. Tolibonning asosiy qarorgohi Afg'oniston-Pokiston chegarasidagi hududlar bo'lib qolmoqda.