Breaking News

Afg'oniston hukumati ayrim toliblar bilan muloqotga kirmoqchi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'sma Shtatlar Afg'oniston hukumatining ayrim toliblar bilan muzokara qilishiga qarshi emas, biroq bu ish ehtiyotkorlik bilan qilinishi lozim.

Yaqinda ikkinchi muddatga qasamyod keltirgan prezident Hamid Karzay Tolibon harakatidagi ba'zilarni Loya Jirg'a, ya'ni mamlakat oliy kengashiga taklif qilish ehtimoli haqida kuni kecha so'z ochgan edi. Barak Obama ma'muriyati bunga qarshi emasmiz demoqda.

Xillari Klintonning aytishicha, umuman olganda g'oya yomon emas, ammo jarayonga shunday yondashish kerakki, u mamlakat barqarorligi va tinchligiga yetaklashi lozim.

Xabarlarga ko'ra, prezident Karzay Tolibon bilan muloqotda vositachi bo'lishni Saudiya Arabistonidan so'ragan. AQSh bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydi, ammo uning o'zi Tolibon bilan bevosita aloqada bo'lmagan, deydi AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk.

Biroq, deydi u, Tolibon bilan muloqot ma'lum shartlar asosida o'tishi kerak.

"Afg'oniston hukumati bilan hamkorlik qilmoqchi bo'lgan toliblar al Qoidadan voz kechishi, zo'ravonlikni qoralashi, qurollarini topshirib, tinch hayotga qaytishi lozim," deydi Xolbruk.

Barak Obama bugun maslahatchilari bilan Afg'onistondagi vaziyatni yana muhokama qiladi. Respublikachilar yangi strategiya ustida ishni sekin deya ma'muriyatni tanqid qilmoqda.

Richard Xolbruk nazarida shoshma-shosharlikka hojat yo'q. Bu ishni sinchkovlik bilan, o'tmish xatolarini inobatga olib qilish kerak.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, prezident yangi strategiya bo'yicha qarorini kelasi hafta ma'lum qilishi mumkin.

Bu o'rtada mamlakat sharqidagi Xost viloyatida bomba portlab, 5 afg'onni o'ldirgan. Qurbonlarning barchasi bir oila a'zolari ekani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG