Breaking News

AQSh Afg'onistonni qachon, qanday tark etish ustida o'ylanmoqda


Bugun Afg’onistonning Faroh viloyatida, hokim idorasi yonida ro’y bergan portlashda 16 kishi halok bo’lgan. O’lganlardan biri politsiyachi.

Ikkinchi muddatini boshlayotgan prezident Hamid Karzay fikricha, kelasi 5 yil ichida mamlakat xavfsizligini mahalliy armiyaga topshirish mumkin bo’ladi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQShning Afg’onistonda cheksiz muddatga qolish niyati yo’q. Amerika rahbari qo’shinlarni u yerdan qachon olib chiqish, xavfsizlikni afg’on hukumatiga topshirish ustida o’ylanmoqda.

“Afg’onistondan qachon chiqishni belgilab olmasak”, deydi Obama, “u yerda yana yillab qolib ketishimiz mumkin”.

Yaqinda Britaniya bosh vaziri Gordon Braun ham bu haqda gap ochdi. “2010 yildan boshlab Afg’oniston viloyatlarini birma-bir mahalliy armiya qo’liga o’tkazish mexanizmini tuzaylik. Shu maqsadda kelasi yili Londonda xalqaro anjuman o’tkazamiz”, - deydi Braun.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida esa shoshqaloqlik bilan Afg’onistonda eng asosiy vazifa - tinchlikka erishib bo’lmaydi.

“Jarayonni tezroq boshlashga intilish katta, buni tushunaman. Lekin afg’on armiyasi javobgarlikni bo’yniga olishga hali tayyor emas. Bundan tashqari, har bir viloyatda vaziyat turlicha, qo’mondonlar buni yaxshi biladi. Ular bilan maslahatlashib bir qarorga kelaylik”, - deydi Robert Geyts.

NATO rahbari Anders Fog Rasmussen fikricha esa sharoitga qarab, Afg’onistonning nisbatan xavfsiz hududlarini tark etish haqida o’ylab ko’rsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG