Breaking News

Qoradori savdosiga qarshi kurashayotgan ayol agentlar


AQShda giyohvandlik va qoradori savdosiga qarshi kurash maxsus agentlik zimmasiga yuklangan.

Agentlar ko’p hollarda niqob ostida, zimdan faoliyat yuritadi. Bugungi kunda ularning qariyb 10 foizi xotin-qizlar.

"Amerika Ovozi" yaqinda Texas shtatining Xyuston shahrida bo’lib, vaziyat bilan tanishdi.

Giyohvandlik va qoradori savdosiga qarshi kurashda ayollar roli beqiyos. Sababi oddiy, deydi yetakchi agent Violetta Sezleski (Violet Szeleczky).



“Jinoyatchilar orasida erkak va ayollar soni birdek ko’p. Pixini yorgan to’dalar”,- deydi u.

Qoradori savdosini tebratayotgan shaxslarning ko’pi erkaklar. Ularning ketiga tushish uchun nafaqat bilim balki o’ziga yarasha iste’dod ham kerak.

“Odam yaxshigina aktrisa bo’lishi kerak”,- deydi maxsus agent Luan Tandi (Luann Tandy).

“Maqsad ularning orasida kirib olish. O’zimga ishontirish. Jinoyatchilarning biriga aylanishim kerak. Bu esa har tomonlama ustalik talab qiladi. To’dalarga kirib olib, jinoyatchilarning ko’ngliga yo’l topaman”.

Vazifa xavfli. Kontrabandachilar bilib yoki sezib qolsa, shafqat qilib o’tirmaydi. O’nlab agentlar ular qo’lida jon bergan hollar ko’p.

Agent Sezleski ishidan lazzatlanmaydi. Lekin uning ahamiyatini tushunadi. Kimdir buni qilishi, jinoyatga qarshi choralar ko’rishi kerak-ku axir. Orqaga qaytish yo’q.

“Har kuni hayotimiz qil ustida, o’sha to’dalar ichidamiz. Ularning qanchalik qabih insonlar ekanini, qancha odamga azob berib, qanchasining qonini ichayotganini o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz. Hissiyotga berila olmaysiz. Bu ish",- deydi agent.

“Mening maqsadim ma’lumot uzatib turish. Jinoyatchilarni tutish uchun zamin hozirlash”.

Eng og’ir jihati balki bu ayol agentlarning oilasini xavfdan saqlash. Jinoyatchilar ular haqida bilmasligi kerak.

“Erkaklarga oiladan uzoqda bo’lish osonroq, lekin bolali onaga farzandlarini tashlab ketish juda qiyin. Ularni o’ylamay iloj yo’q”,- deydi Sezleski.

Homilador ayollar maxfiy ishlarga jalb qilinmaydi. Agentlar uchun imtiyozlar bisyor. Ham oilani, ham ishni eplaydigan ayollar bugun juda ko’p.

“Shu sohani tanladimmi, demak, xizmatga tayyorman. Ishim butun insoniyat uchun muhim”,- deydi Luan Tandi.

XS
SM
MD
LG