Breaking News

AQSh Afg'oniston qishloq xo'jaligini yaxshilamoqchi


Barak Obama ma'muriyati Afg'onistonda barqarorlikni yolg'iz qurol bilan ta'minlab bo'lmaydi, deb, noharbiy usul va vositalarni ishga solish, aholi uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratish muhimligini ham ta'kidlamoqda. Mamlakat qishloq xo'jaligini tiklash barqarorlik omillaridan biri deb e'tirof etilmoqda.

Afg'oniston g'arbidagi Hirot viloyatida ba'zi dehqonlar gul bilan savdo qiladi. Bir paytlar afyun yetishtirilgan dalalarda xushbo'y za'far barq urib o'smoqda.

Hoji Muhammad Akbar Hirotda afyundan voz kechib qishloq xo'jaligi ekinlariga o'tgan ilk dehqon. Afg'oniston hukumati uni buning uchun "Shuhrat" medali bilan taqdirlagan. Xalq Muhammad Akbarga "za'far otasi" deb nom qo'ygan.

"Men bir vaqtlar afyun yetishtirardim. Sog'liqqa zararli, noqonuniy va islomga zidligini bilaman. U ishni tashlab, za'far o'stirishga kirishdim", - deydi u.

Afg'on za'fari yuqori sifati bilan tanilgan. Bahosi ham yaxshi. Kilosidan 3 ming dollargacha daromad ko'rish mumkin. Bu borada hech ham afyundan qolishmaydi.

Janubdagi Hilmand viloyatida hukumat bug'doychilik bilan shug'ullanayotgan dehqonlarni o'g'it va urug' bilan ta'minlamoqda.

Afg'onistonda ishga tushgan ilk sok zavodi mamlakat bo'ylab 50 mingga yaqin fermerdan olma, anor va o'rik sotib olishni rejalagan.

Hukumat so'nggi bir necha yildan beri dehqonlarni afyun o'rniga qonuniy ekinlar bilan shug'ullanishga da'vat etib keladi.

AQShning Afg'onistondagi maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ko'pdan beri bu kabi loyihalarni qo'llab-quvvatlaydi.

"Qishloq xo'jaligini rivojlantirish o'rniga Jorj Bush prezidentligi davrida afyun dalalarini yo'qotishga ko'p pul sarflaganmiz. Bir paytlar barq urgan qishloq xo'jaligi eksport tizimini tiklashga yordam bermaganmizga hayronman", - deydi diplomat.

AQSh rasmiylarining aytishicha, afyun dalalarini yo'qotish dasturlariga chek qo'yilmoqda. Ulardan foyda bo'lmagan, dehqonlar g'azabini ham keltirgan. Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xavfsizlikdan keyingi ikkinchi bosh vazifa.

Xalqaro inqirozlar guruhi vakili Mark Shnayderning aytishicha, qishloq xo'jaligida ishchi kuchining 80 foizdan ziyodi band bo'lganini hisobga olganda, bu juda ham to'g'ri qaror.

"Hukumat bu ishni uddalasa, yaxshi bo'lar edi. Odamlar hukumat va xalqaro hamjamiyat ehtiyojlariga quloq solganini anglab, munosabati o'zgargan bo'lar edi", - deydi tahlilchi.

Afg'on dehqonlariga texnik yordam berish maqsadida mamlakatga amerikalik qishloq xo'jaligi mutaxassislari yo'l olgan. Tahlilchi Shnayderning ogohlantirishicha, mamlakatning ba'zi joylarida bu loyihalar bilan shug'ullanishdan oldin xavfsizlikni ta'minlash zarur.

"Hududlar toliblar nazorati ostida ekan, hech bir ish qilib bo'lmaydi".

Ustiga-ustak, deya noliydi hilmandlik dehqon Hoji Muhammad Hoshim, infratuzilma yo'q hisob.

"Yo'llar xarob ahvolda. Hosilni qishloqdan tashqariga sotuvga olib chiqish qiyin", - deydi u.

Afyun dehqonlarga shunisi bilan ma'qulki, u suvsiz ham o'saveradi. Qoradori savdogarlari unga yaxshi pul to'lashadi.

Ahmad Nodir ismli yana bir dehqon hozircha bug'doy yetishtiryapti, ammo undan ko'p foyda ko'rmayapman, deydi.

"Agar o'tgan yilga o'xshab bizga yana yordam berishmasa, ko'knor ekishga qaytamiz", - deydi u.

Kuzatuvchilar nazarida afg'on dehqonlarini afyundan butunlay qaytarish ko'p vaqt, sabr-toqat va puxta o'ylangan dastur talab qiladi.

XS
SM
MD
LG