Breaking News

Qirg’iziston rasmiysi: Afyun masalasida Botken tomonda ahvol og’ir


"Qoradori - katta pul. Odamlar undan kechishi qiyin".
"Qoradori - katta pul. Odamlar undan kechishi qiyin".

Afg’onistondan Qirg’iziston orqali o’tayotgan afyun oqimi yildan yilga ko’payib bormoqda.

Mamlakatda prezident Qurmanbek Bakiyev paytida yopilgan, giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha agentlik bir yil oldin qayta tiklangan edi.

Yangi idora samara berdimi? Muammolar bormi? Ularni qanday hal qilish kerak?

Mutaxassislar nazarida giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha davlat xizmatining yaxshi ishlamoqda.

Yetti oyda 441 kilogramlik giyohvand modda musodara qilinib, 840 kilogram afyun yo’q qilingan.

Qirg’iziston va Tojikiston fuqarolaridan iborat narko-guruh qo’lga olingan.

Qirg’iziston orqali narkotiklar tashish yo’llari mavjud. Buni tugatish uchun nima qilinmoqda?

“O’sh viloyatidan ikki narkotraffik yo’nalishi o’tadi. Biri Afg’onistondan Tojikistonning Tog’li Badaxshon viloyati orqali, ikkinchisi esa Tojikistonning So’g’d viloyatidan Botken orqali O’sh, Bishkek, Qozog’iston, Rossiyagacha. Badaxshon yo’nalishida biz yaxshi to’siq qo’ydik va oqibatda yirik miqdorda afyun qo’lga tushdi. Botken yo’nalishida esa ahvol og’ir”, - deydi bu idora boshlig’ining birinchi o’rinbosari, janubiy bo’lim rahbari polkovnik Qanibek Nurmatov.

Qo’shni mamlakatlar bilan hamkorlik haqida nima deyish mumkin?

Tojikiston, O’zbekiston, Qozog’iston, Rossiya narkotiklarga qarshi xizmatlari bilan aloqalar qay darajada, degan savolga polkovnik:

“Yaqinda bizning idora va giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha Tojikiston agentligi bitim tuzdi. U tez orada natija bera boshladi. O’zbekiston idoralari bilan deyarli aloqamiz yo’q. Qozog’iston bilan ma’lum darajada hamkorlik qilmoqdamiz. Rossiya Federatsiyasi bizning xizmatga 6 million dollardan ziyod grant ajratdi. Rossiyaning giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmati bilan hamkorlikning natijalari ko’zga tashlanmoqda”, - deya javob qiladi.

Qirg’izistonda ilk bor narkotiklaga qarshi davlat idorasi tuzilganda asosiy moliyaviy ko’makni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va AQSh bergan.

Hozirda esa asosiy moliyachi Rossiya.

Bu agentlik faoliyatida ustivor yo’nalishlar, uslublar o’zgarishini anglatadimi, deb so’ralganda rasmiy:

“Yo’q, men bunday, deb hisoblamayman. Biz giyohvand moddalarga qarshi kurashda turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Aytaylik, BMTning narkotiklarga qarshi kurash bo’limi tomonidan shartnoma asosida bizga 3 million dollar ajratildi. Shuningdek, AQShning markaziy qo’mondonligi bilan yahshi munosabatlar o’rnatganmiz. Afg’oniston bilan ma’lum aloqalar mavjud. Pokiston hukumati ham yordam taklif qilmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Ma’lumki rasmiy Vashington va uning ittifoqchilari joriy yilning kuzidan e’tiboran Afg’onistonda qo’shinlarni kamaytiradigan. Mutaxassislar natijada afyun oqimi kuchayishidan tashvishda.

“Afg’onistonda qoradorini qay ko’lamda ekishgan bo’lsa, shunday ekishyapti. Tan olish kerakki, qoradori maydonlari oxirgi yillarda kengaygan. Menimcha, bu koalitsiya kuchlariga bog’liq emas. Toki afg’on dehqonlari uchun boshqa daromadli ekin topilmas ekan, qoradori o’stirilaveriladi. Chunki bu katta pul”, - deya yakunlaydi polkovnik Qanibek Nurmatov.

XS
SM
MD
LG