Breaking News

O'zbekistonda qoradori savdosi va giyohvandlik ildiz otmoqda


BMTning narkotik moddalarni nazorat qilish va jinoyatchilikning oldini olish boshqarmasi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili Afg’onistonda 4,100 tonna qoradori yetishtirilgan.

Uning 30 foizdan ko’prog’i MDH davlatlari hududi orqali o’tadi. Narkomafiya faoliyati inson savdosi, noqonuniy mablag’larni yuvish hamda qurol-yaroq kontrabandasi bilan uzviy bog’liq bo’lib, bu hol nafaqat davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy muammosi, balki mamlakat xavfsizligi uchun ham xatar tug’dirishini urg’ulashadi mutaxassislar.

Narkotraffik yo’lining O’zbekiston orqali o’tishi mamlakatdagi yoshlarning SPIDga chalinish hollarini ham ko’paytirgan.

Vazirlar mahkamasi qoshidagi giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha milliy markaz mulozimlarining bildirishicha, O’zbekistonda 1992 yildan to 2005 yil oralig’ida 40 tonnadan ortiq noqonuniy giyohvand moddalar qo’lga olinib, yo’q qilingan.

Narkotraffik yo’lining O’zbekiston orqali o’tishi mamlakatdagi giyohvandlar sonining ham ortib borishiga olib kelayotgani aytiladi. Nafisa ismli ayol o’zining giyahvandlikka berilish sabablarini tushuntirishga harakat qilarkan, har bir mahalla va mavzeda giyohvandfurushlarning borligi yoshlar orasida narkomanlarning ko’payayotgani boisidir, deb hisoblaydi.

“Mening xo’jayinim 9 yildan beri giyohvandlik bilan shug’ullanadi. Oldin qoradori qilardilar. Urushardim, ketib qolardim. Oxiri ketib qolmasin, deb bir kuni rosa urganlar. Shunaqa urganlar, ikki kun o’rnimdan turolmay qolganman. Keyin olib kelib, kel mana buni qilib qo’ysam o’zingga kelasan, deganlar-da, qilib qo’yganlar. Va rostdan narkotik qilib qo’yganlaridan keyin-chi, shunaqa o’zimga kelganman, unaqa hissiyotni hech qachon his qilmaysiz. Shundan keyin boshlanib ketgan, oxiri ko’ryapman nechtasi o’lib ketishyapti, qamalib ketyapti. Mening ham jonimga tegib ketgan-de, bitta farzandim bor o’shani o’yladim. Kafangado qiladi bu narsa sizni. Bu narsaga yaxshisi yaqinlashmagan lozim. Mahallamizda-chi, sakson sakkiztasi sotadi-da”, -deydi bir necha oy oldin giyohvandlikdan davolangan Nafisa.

Boshqa davlatlardagi singari, O’zbekistonda ham narkotik moddalar iste’mol qiluvchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etayotgani mutaxassislarni tashvishga slogan. Ayni paytda respublikada faoliyat yuritayotgan Birlashgan millatlar tashkiloti, Amerika qo’shma shtatlari, Yaponiya va boshqa bir qator davlat tashkilotlari oz faoliyatlarini yoshlarni narkotik moddalar iste’molidan qaytarish, giyohvandlarning vich infeksiyasi yuqtirib olishiga qarshi tadbirlarga qaratmoqdalar.

“World Vision” Yaponiya hamda Yaponiyaning JICA tashkiloti loyihasi yoshlar orasida Spid va giyohvandlikning oldini olish hamda targ’ibot ishlariga qaratilgan, deydi loyiha milliy rahbari Shonosir Shovahobov:

“Ikkinchi yo’nalish, adashibmi yo bo’lmasa bir yoshlik qilib, sho’xlik qilibmi giyohvandlikka duch kelgan, o’shasiz turolmaydigan bo’lib qolgan yoshlarga madad berish. Avvalo ularga mana shu odati ularni nima oqibatlarga olib kelishi mumkin, o’shalardan saqlanish uchun nimalarga e’tibor berish kerak, o’zini qanday tutishi kerak, ularni shundan boxabar qilib qo’yish. Shuning uchun, mayli endi nimadir sabab bo’lib shu yo’lga kirib qolibdi, endi bunga Vich infeksiyasi yuqmasin, degan maqsadda uni doimo yangi shprisdan foydalanishga o’rgatamiz. Shu maqsadda biz unga yangi shpris beramiz, ishlatilganini qaytib berganidan keyin yana yangi shpris oladi”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, respublikadagi giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni 30 mingdan ortgan. Bu holat esa SPIDning ko’payishiga ham sabab bo’lmoqda. Toshkent shahar SPID markazi rahbari Sobir Usmonov gapiradi:

“Bizlarda nasha, konaplya, qoradori, ko’knori degan o’zimizning inyeksiya qilmasdan qabul qiladigan narkotiklarimiz bo’lar edi. Ular bugun yo’q. Buni o’rniga Afg’oniston orqali juda katta partiya arzon, oson qilinadigan, mehnat talab qilmaydigan geroin degan sintetik mahsulot keldi. Oson bo’lgandan keyin, olib qabul qiluvchilar ko’payaveradi-da. Narkotik sotuvchilar narkotikni eng kami bilan bir gramini sotib ketgani ma’qul. Endi bir gramm geroin narkotik qabul qiluvchi yosh yigit-qizlarga, endi boshlaganlarga 20tasiga yetadi. Bir grammining bugun Toshkentdagi narxi 20 ming so’m. 20ta bola ming so’mdan topsa, 20 tasi shu narkotikni qabul qiladi. Sakson foiz (SPID)kasallarimiz giyohvand modda bilan bog’liq”, deydi Sobir Usmonov.

Mutaxassislar fikricha, narkotraffikga qarshi kurash muammosini hal etish davlat miqyosidagi ishdir. Bu borada O’zbekiston 1995 yildan Birlashgan millatlar tashkilotining narkotiklarga qarshi kurashga taalluqli konvensiyalari hamda MDH va bir qator dunyo davlatlari bilan o’zaro kelishuvlarni imzolagan.

XS
SM
MD
LG