Toshkentda president Islom Karimov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher (Richard Boucher) Bishkekka ham safar qilgan. Muzokaralarda ikki tomon terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurashda yanada yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi.
“Bu mening AQSh Davlat kotibi muovini lavozimiga tayinlangach, besh oy davomida Qirg’izistonga ikkinchi tashrifimdir”, – dedi Richard Baucher.
Uning aytishicha, xalqaro terrorizmga qarshi kurash va Afg’onistonda hamkorlik o’rnatish borasidagi hamkorlik mavzulari eng muhim masalalardir.
Keyingi paytda AQSh va Qirg’iziston munosabatlarida taranglik sezila boshladi. Qirg’iziston uzoq davom etgan muzokaralardan keyin chiqarib yuborilishi rejalashtirilgan AQSh bazasini o’z hududida yirik o’lchamdagi mablag’ evaziga qoldirishga rozi bo’ldi. AQSh diplomatlari josuslikda gumon qilinib, mamlakatdan haydaldi. Javoban, AQSh ham qirg’iz diplomatlari va xavfsizlik xizmati xodimlarini ortga qaytardi.
Qirg’iziston tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulovning aytishicha, munosabatlarda paydo bo’lgan taranglik Richard Baucher bilan uchrashuvga salbiy ta’sir ko’rsatmagan:
“Men muzokaralar juda muvaffaqiyatli o’tdi, deb o’ylayman. Biz keng ko’lamli masalalarni, xususan, xalqaro terrorizm va narkotiklar savdosiga qarshi kurash, Qirg’iziston hukumatini islohotlar o’tkazishda qo’llab-quvvatlash, siyosiy-diplomatik munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildik. Diplomatlar bilan bog’liq mojaroga ham chek qo’yildi. Biz o’zaro bir qarorga keldik”.