Breaking News

Rajiv Shoh - AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari


Yaqingacha qishloq xo’jaligi masalalari bilan shug’ullangan Rajiv Shoh endi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, qisqacha USAID deya tanilgan tashkilotga bosh-qosh.

Hind kelib chiqishiga ega bu amerikalik avval Bill Geytsdek yirik filantroplar, sahovatpesha texnolog va tadbirkorlar qo’lida ishlagan. Beg’araz yordam yetkazish sohasida ishlab pishgan mutaxassislardan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida qator dasturlar yuritadi. Asosan boshqaruvni yaxshilash, islohotlar, sog’liqni saqlash, maorif va ta’lim hamda qishloq xo’jaligi sohalarida ko’mak berib keladi.

Rajiv Shoh 36 yoshda. Ikki kasbga ega - shifokor va agronom. Ota-onasi hindistonlik muhojirlar.

“Bobom hisobchi bo’lgan. Lekin qo’lida shunday hunari va bilimi bilan ham Hindistonda hayot kechirishga qiynalgan. Och-nahor yashashgan”,- deydi u.



“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Rajiv Shoh ota-onasi va oilasi unga shunday yuqori lavozim ishonib topshirilayotganidan chuqur hayajonda ekanini aytadi.

“Kamtarin va oddiy oiladan chiqqanman. Tabiiyki, yaqinlarim faxrlanadi. Ko’z-yoshlarini aytmaysizmi”?- deydi Shoh.

Xalqaro Taraqqiyot Agentligi Amerika hukumatining yordam organi. Chet elga ko’rsatiladigan barcha noharbiy ko’mak shu tashkilot orqali beriladi. Mablag’ shu agentlik qo’lida. Prezident Obama uning rolini yanada oshirishga bel bog’lagan.

“Hayotimiz farovon va tinch bo’lishi uchun oilalar ta’minlanishi, odamlar ishli, bilimli bo’lishi kerak. Agentligimiz har qanday yordamni shu maqsadda beradi”,- deydi u.

USAID AQSh Davlat departamentining bir qismi. Mudofaa vazirligi bilan maslahatlashgan holda ish yuritadi. O’ziga xos avtonomiya.

Ayni damda Amerika tashqi dunyoga har yili 20 milliard dollarga teng beg’araz yordam ko’rsatadi. Lekin Obama ma’muriyati ko’makni yiliga 50 milliardga chiqarmoqchi. Mablag’ni qanday sarflash nozik masala.

Yakuniy qarorlarni Rajiv Shoh qabul qiladi. “Har bir dasturni qayta ko’rib chiqib, yangilaymiz, effektiv loyihalarga aylantiramiz",- deydi u.

“Proyektlarni har bir jamiyatdagi talab va sharoitga qarab rejalaymiz va shunga yarasha moliya ajratamiz”.

Rajiv Shoh fikricha ko’mak ko’rsatishda davlatlarning rahbarlari bilan hamkorlik qilmasdan, jamoatchilik va rasmiylar bilan birdek aloqa qilmasdan iloj yo’q. Asosiy diqqat terrorizm va ekstremizm o’chog’i bo’lmish Afg’oniston, Pokiston va Yaman kabi mamlakatlarga qaratiladi.

USAID o’z xodimlari sonini ham oshirmoqda. Chet tillarini biladigan, o’zga madaniyatlarni tushunadigan, siyosiy bilimi yuqori mutaxassislar izlanmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG