Breaking News

Amerika dunyo bo'ylab ocharchilikka qarshi kurashni kuchaytirmoqda


Obama ma’muriyati uch yillik dastur ishlab chiqqan. Uning amaliyoti uchun 3,5 milliard dollar ajratilgan. E'tibor qishloq xo'jaligida.
Obama ma’muriyati uch yillik dastur ishlab chiqqan. Uning amaliyoti uchun 3,5 milliard dollar ajratilgan. E'tibor qishloq xo'jaligida.

“Dunyo uchun non” nomli xalqaro tashkilot ocharchilikka qarshi global kurashga yetakchilik qiladi. Har yili bu borada hisobot berib, yirik davlatlarni rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berishda yo’qsillar hayotiga alohida e’tibor qaratishga undab keladi.

Tashkilot nazarida AQSh boshlagan yangi bir loyiha oziq-ovqatni mahalliy ravishda ishlab chiqarish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Nigeriya dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri
Nigeriya dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri

Yaqingacha “Dunyo uchun non” AQSh tashqi siyosatini qoralab, Vashingtonni qashshoqlik muammosiga ko’z yumayotganlikda tanqid qilib kelar edi. Lekin bu yilgi hisobot mazmuni boshqacha.

“200 betlik tahlilnomamizda Amerikaning hozirgi siyosatini olqishlaymiz”,- deya tushuntiradi Deyvid Bekman, tashkilot rahbari.

Obama ma’muriyati jahonda ocharchilikni yengish uchun uch yillik dastur ishlab chiqqan. Uning amaliyoti uchun 3,5 milliard dollar ajratilgan.

Yo’qsillikka qarshi kurash yo’lida qishloq xo’jaligini rivojlantirish, dehqonni quvvatlash, uning uchun imkoniyat va sharoit yaratish va hosilni qayta ishlash, oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoatiga asos solish yoki mavjud sohalarni isloh qilish – bu dasturdan ko’zlangan asosiy maqsadlardir.

HIndiston ocharchilik keng tarqalgan jamiyatlardan biri
HIndiston ocharchilik keng tarqalgan jamiyatlardan biri

Avvallari, deydi Deyvid Bekman, Amerika naqd pul yoki insonparvarlik yordami berib qutular edi. Bu ko’mak kimga borayapti, kim uning huzurini ko’rayapti deb so’rashmas edi.

Hozir strategiya o’zgargan. Yirik davlatlar, jumladan, AQSh berayotgan madad hukumatlar emas, bevosita nohukumat tashkilotlar va xususiy sektor tomonidan tarqatiladi.

Moliya qanday sarflanishi oldindan puxta rejalanishi, muntazam hisobot berib turilishi va har bir dastur uzoq muddatni ko’zlashi zarur. Masalan, bolalar salomatligi uchun maktablardagi oshxonalarni yaxshilash, dehqonlarga toza urug’ va zarur o’g’itlar yetkazish, oziq-ovqat zaxiralari tashkil etish kabi mahalliy loyihalar.

Bu strategiyani amal oshirish uchun mas’ul AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rahbari Rajiv Shoh fikricha, natija hozircha yomon emas, lekin qashshoqlikka qarshi kurash hali uzoq davom etadi.

Efiopiya uzoq yillardan beri ocharchilikda yashaydi
Efiopiya uzoq yillardan beri ocharchilikda yashaydi

Bu cheki yo’q muammo, deydi u, dunyoda iqtisodiy ahvol og’ir, ishsizlar soni ko’payib bormoqda.

“Sayyoramiz bo’ylab yarim milliard odam och-nahor. Kelasi besh yilda ularning hammasi to’q yashay boshlaydi deya va’da berolmaymiz”, - deydi rasmiy.

“Amerika qo’ldan kelgancha yordam ko’rsatmoqda. Millionlab oilalar yo’qsillik changalidan chiqayotganiga guvohmiz, bu juda quvonarli hol”, - deydi u.

Ammo, deya eslatadi Rajiv Shoh, o’nlab mamlakatlarda yana millionlab aholi madad kutib o’tiribdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG