Breaking News

Yordamdan maqsad nima? "O'z manfaatlarimizni ko'zlayapmiz", deydi AQSh yetakchi diplomati


Yordamdan maqsad nima? "O'z manfaatlarimizni ko'zlayapmiz", deydi AQSh yetakchi diplomati
Yordamdan maqsad nima? "O'z manfaatlarimizni ko'zlayapmiz", deydi AQSh yetakchi diplomati

AQShda 2010 yilgi umimiy daromad jami 2 trillion 381 million deb hisoblangan. Sarf-xarajat esa qariyb 3 trillion 600 millionni tashkil etgan. Byudjet kamomadi 1 trillion 470 millionga yetgan.

Mamlakat og’ir iqtisodiy krizisdan chiqishga qiynalayotgan bo’lsa-da, prezident Barak Obama tashqi yordamni yiliga 20 milliard dollardan 50 milliardga chiqarishga bel bog’lagan. Uning ta’kidlashicha, Amerika hamisha gumanitar madadga tayyor turishi kerak.

Eng ko’p moliyaviy ko’mak olayotgan o’nlikka Isroil, Afg’oniston, Pokiston, Misr, Falastin (Iordan daryosining g’arbiy sohili va G’azo), Keniya, Meksika, Iroq va Efiopiya kiradi.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Markaziy Osiyoga moliyaviy emas, asosan moddiy va texnik madad ko'rsatiladi.

Tashqi yordam uchun mas'ul Daniel Rozenblum "Amerika Ovozi" bilan so'nggi bor gaplashganida quyidagilarni ma'lum qilgan edi:

"Amerika Ovozi": O’zbekiston va qo’shni davlatlarga bu yili qancha mablag' ajratilgan?

Rozenblum: 2011 yil uchun biz Markaziy Osiyodagi besh respublika uchun 157 million dollarga yaqin yordam ajratishni so’raganmiz. Bu taraqqiyot dasturlari, siyosiy-iqtisodiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlashga ko’maklashish singari sohalarni o’z ichiga oladi.

"Amerika Ovozi": Qirg’izistonda vaziyat tang ekan, Amerika unga qariyb 49 million dollar miqdorida qo’shimcha yordam berishini e’lon qildi. Bu bilan Vashingtondan eng ko’p madad olayotgan davlat Qirg’iziston desak bo’ladimi?

Rozenblum: Bilasizmi, bu ko’makdan tashqari, kelasi yil uchun o’zi Qirg’izistonga 40 million dollarlik yordam berishni ko’zlayotgan edik. Tojikiston uchun ham shuncha rejalangan. Aytmoqchimanki, bu ikki davlat bizdan teng miqdorda ko’mak oladi. 157 millionning qolgan qismi Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekistonga tegadi. Shuningdek, mintaqaviy dasturlarimiz uchun ham alohida mablag’ ajratiladi.

"Amerika Ovozi": Janob Rozenblum, biz AQShning bu davlatlar bilan aloqalari va Vashington siyosatini yoritganimizda, tahlil qilganimizda, odamlar yordamdan minnatdor ekanini aytadi, ammo “Nega Amerika bizga yordam beradi? Buning evaziga nima kutayapti?” degan savollar berishadi. Nima deb javob bergan bo’lardingiz?

Daniel Rozenblum (Rosenblum) AQShning har yili Yevropa va Yevrosiyo davlatlariga beradigan yordami uchun javobgar
Daniel Rozenblum (Rosenblum) AQShning har yili Yevropa va Yevrosiyo davlatlariga beradigan yordami uchun javobgar

Rozenblum: Mendan ham buni ko’p so’rashadi. Javobim shuki, saxiylik va insonparvarlik - Amerika xalqi qonida bor narsa. Bular bizning qadriyatlarimiz. Lekin yordamni biz o’z manfaatlarimiz yo’lida berishimizni ham yashirmasligimiz kerak. Bu haqiqat. Men buni ochiq aytaman. Manfaatlarimiz esa barqarorlik, farovonlik, to’qlik. Agar bu yurtlar tinch bo’lib, turmush darajasi oshsa, u yerlarda biz yaxshi biznes hamkorlar topamiz. Bu joylar bizning mahsulotlarimiz uchun bozor bo’ladi. Demokratiya va demokratik taraqqiyotdan ham manfaatdormiz, chunki bizning nazarimizda, erkin jamiyatlar bilan til topishish, hamkorlik qilish oson. Hayotimiz xavfsizroq. Mana shu maqsadlarimiz uchun bizni egoist yoki xudbin deyishsa, mayli. Gumanitar yordam o’z yo’liga, lekin biz mana shunday maqsadlarga ham ega ekanimizni tan olamiz. Biz sizga yordam berib, sizning hayotingizni yaxshilash uchun hissa qo’shib, o’z istiqbolimizni ham ko’zlayapmiz demoqchiman.

"Amerika Ovozi": Mana shunday deganingizda, u davlatlarning rasmiylari nima deyishadi?

Rozenblum: Bilasizmi, rasmiylar “nega yordam berayapsiz” deb ochiq so’ramaydi, balki uyalishar. Lekin faollar, nohukumat tashkilotlari vakillari, oddiy odamlar va jurnalistlardan ko’p eshitaman. Javobimni yaxshi qabul qilishadi. Agar “siz bizga ma’qulsiz va shu sabab yordam bermoqchimiz” desak, ishonish qiyin va Amerika o’z foydasining ketidan quvayapti deb o’ylash mumkin. Mening gapim shuki, ha, biz o’z foydamizni o’ylayapmiz. Buning nimasi yomon? Sizga iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy yordam berishdan biz, Amerika xalqi va davlati, manfaatdormiz.

"Amerika Ovozi": O’zbekistonda oxirgi marta qachon bo’lgansiz? Bu davlatga yordam oxirgi yillarda juda kamaygan edi. Lekin Obama ma’muriyati hozir O’zbekiston bilan iliq muloqotda. Yordam oshadimi?

Rozenblum: O’zbekistonda 2-3 yildan beri bo’lganim yo’q. Lekin bu davlat rasmiylari bilan Vashingtonda bir necha bor muloqot qildim. Aytganingizdek, yordam ko’lami, AQSh yuritadigan dasturlar bu davlatda kamayib ketgan. Men uchrashuvlarda O’zbekiston tomoniga buning sabablarini tushuntirdim. Qirg’iziston va Tojikistonga tez-tez borib turaman, lekin proyektlar kamligi bois O’zbekistonda anchadan beri bo’lmadim.

"Amerika Ovozi": Lekin Amerika o’tgan yildan beri O’zbekiston bilan yillik maslahatga yig’ilib, diplomatlarning aytishicha, hamkorlikni oshirish yo’llarini izlamoqda. Siz, Davlat departamentidagi katta bir idora rahbari sifatida, mana shu muzokaralarda qatnashasizku, to’g’rimi? AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi, USAID, dasturlari ancha kamayib ketgan edi, ayniqsa yordamga muhtoj sohalar - sog’liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo’jaligida. Yaqin kelajakda biror yangilik bo’ladimi?

Rozenblum: “Yangilik bo’ladi degan umiddamiz. Loyihalarni kengaytirish uchun zarur sharoit yaratilishini so’rayapmiz. Bu programmalarni nohukumat tashkilotlar yuritadi. Ular erkin ishlay olishi kerak. 2005 yildan keyin AQShda asoslangan tashkilotlar bosim ostida chiqib ketishga majbur bo’lgan edi. Ular qaytmasa, loyihalar ham ko’paymaydi. Biz mana shu masalani ko’tarayapmiz. Ko’p narsa O’zbekiston hukumatiga bog’liq. Tan olish kerak, ayrim sohalarda hamkorlik yomon emas, masalan qishloq xo’jaligida. Hosildorlikni oshirish ustida birga ishlayapmiz. Qonun-tartibot tizimi islohotida oz bo’lsa ham hissa qo’shayapmiz. Sharoit yaratilsa bas.

"Amerika Ovozi": Janob Rozenblum, O’zbekistonda yoshlar orasida Amerikaga kelib o’qish yoki malaka oshirish orzusida yurganlar juda ko’p. Lekin buning uchun ularning qurbi yetmaydi. Mustaqil holda o’qishga kirish, qolaversa viza olish amri mahol. AQShda o’qish arzon emas. Avvallari bu imkoniyatni ACCELS va IREX kabi AQSh moliyasi bilan ishlaydigan tashkilotlar berar edi, ya’ni tanlovdan o’tsangiz, siz bu yurtda tekinga, qolaversa stipendiya olib ta’lim olsangiz, tajriba oshirsangiz bo’lardi. Hozir bu dasturlarda qatnashish juda qiyin. Buni osonlashtirish uchun harakat bormi? Ko’z tikib o’tirgan yoshlar, aytganimdek, juda ko’p.

Rozenblum: Osonlashadi degan umiddamiz. Men umidni boy bermay yashash kerak deyman. Yoshlar ta’limi uchun imkoniyatlarni kengaytirish har bir mamlakatga uzoq muddatda katta foyda keltiradi. Davlat va xalq taraqqiyoti uchun juda muhim. Menimcha, prezident Islom Karimov buni tushunadi. Boshqa rasmiylar ham. Bir paytlar hukumatning o’zi yoshlarni davlat hisobidan chet elda oqitayotgan edi. Biz yordamga tayyormiz. Bu nafaqat Amerika-O’zbekiston aloqalarini mustahkamlaydi, balki o’qimishli, tajribali yoshlar respublika kelajagini quradi. Bu borada hamkorlik tiklanadi degan umiddamiz.

"Amerika Ovozi": Suhbat uchun rahmat.

Rozenblum: Bajonidil. Juda mamnun bo'ldim.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG