Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva respublika janubida aksil-terror o’quv-mashq markazlari ochilishi haqida ma’lum qilgan.
Biri AQSh yordamida Batken yoki Qizil-Qiya shaharlarida, ikkinchisi esa O’shda Rossiya ko’magida qurilishi kutilmoqda.
Keskin munozaralarga sabab bo’layotgan taklif ortida nima turibdi? AQSh va Rossiya ishtiroki faqat moliya bilan cheklanadimi?
Chegarasi yaqinida harbiy markazlar paydo bo’lishiga qo’shni O’zbekiston va Tojikiston qanday qaraydi?
Bishkeklik siyosatshunos, taniqli diplomat Orozbek Moldaliyevning aytishicha, quriladigan markazlarni Qirg’iziston boshqaradi, faqat moliya xorijdan bo’ladi.
“Maqsad – bizning mutaxassislarni bu yerda o’rgatish. Nafaqat qirg’izistonlik, balki qo’shni o’lkalar mutaxassislari ham kelib tayyorgarlikdan o’tadi. Antiterroristik markaz deyilsa, Amerikaning bazasi ochilar ekan, degan tushunmovchiliklar bo’lgan avval. O’shanda bizning hukumat Rossiyaga ham bunday markaz qurishda ishtirok etishni taklif qilgandi. Kreml O’shda joy ajratishni so’ragan. Ammo amaliy ishlarga kirishmagan”, - deydi Moldaliyev.
Mutaxassislar rasmiy Bishkek mazkur masalada ham Vashington, ham Moskvani jalb qilishini nozik siyosiy imo, buyuk davlatlar o’rtasida teng munosabatlar olib borish niyati sifatida baholaydi.
Bishkeklik harbiy tahlilchi, polkovnik Leonid Bondarets kichik bir hududda mana shunday ikki inshoot qad ko'tarishiga shubha bilan qaraydi.
“Rostini aytsam, men terorizmga qarshi ikki xil uslubni qo’llaydigan markazlarning bizda paydo bo’lishiga salbiy qarayman. Amerikaning uslubini biz yaxshi bilamiz. Bu metod qator mamlakatlarda ko’plab begunoh odamlarning qurbon bo’lishiga olib kelgani ham ma’lum”, - deydi polkovnik.
Mintaqada Rossiya va AQSh raqobati mavjudligi ko’pchilikka ayon.
Ushbu raqobat nuqtai nazaridan ikki markaz yonma-yon bo’lishini qanday baholash mumkin?
Otunbayeva savolga javob berar ekan, masalani bunday qo’yish nojoiz, deydi.
“Har ikki tomon bilan hamkorlik dasturlarimiz bor”, - degan prezident.
Siyosatshunos Orozbek Moldaliyev nazarida g’arbdan terrorizmga qarshi kurashda o’rganadigan ko’p usullar bor.
“Terrorizm bilan kurashish uchun mablag’ kerak. Zamonaviy texnologiyani qo’llash lozim. Ushbu markazlarda nafaqat NATO, balki boshqa davlatlar instruktorlari kelib, bizning askarlarga o’z bilganlarini o’rgatadi”, - deydi suhbatdosh.
Polkovnik Leonid Bondarets nazarida rasmiy Bishkek bunday tashabbuslarda ittifoqchilik manfaatlarini unutmasligi darkor.
Tahlilchi Qirg’iziston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zoligini urg’ulaydi.
Rasmiy Bishkek tashabbusiga qo’shni o’lkalar, chunonchi, O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’iston qanday munosabatda bo’lishi mumkin?
Siyosatshunos Orozbek Moldaliyev fikricha, terroristik qo’rquv mintaqadagi hamma o’lkalarda mavjud.
“1999-2000 yillar Botken voqealarida O’zbekiston bilan birgalikda terrorchilarga qarshi kurashganmiz. Hozir Botkenda yaxshi antiterror markazi ochilsa, o’zbek, tojik, qozoq mutaxassislari ham kelib, malaka oshiradi. Umumiy xavf mintaqa davlatlarini integratsiyaga, hamkorlikka undamoqda”, - deydi Orozbek Moldaliyev.
Polkovnik Leonid Bondarets ushbu fikrlarni qo’llab-quvvatlar ekan, bunday tashabbuslar va amaliyotlar mamlakatning ichki ishi ekanini ta’kidlaydi.
Aytish joiz, AQSh va Rossiya ishtirokida harbiy o’quv markazlari ochish g’oyasi so’ngi to'rt-besh yilda bir necha bor ko’tarilgan.
Ammo shu paytgacha amaliy qadamlar ko’zga tashlanmagan edi.