Shu yoz Qirg’izistonda ro’y bergan qonli voqealar, kelasi oygi parlament saylovlari hamda so’nggi payt Tojikistondan kelayotgan shum xabarlar mintaqada siyosiy vaziyat o’zgaruvchan bo’lib qolganidan darakdir.
Saylov Qirg’izistonga barqarorlik olib kelishi savol ostida. Tojikiston-Afg’oniston chegarasida jangarilar faollashgan. O’tgan hafta poytaxt Dushanbe yaqinida, Rasht vodiysida ular harbiy kolonnaga hujum qilib, 25 askarni o’ldirgan.
Bu Afg’onistondagi beqarorlik asta-sekin shimolga tarqalayotganidan dalolat, deydi ayrim tahlilchilar.
Ariel Koen, sobiq Sovet respublikalarini kuzatib kelayotgan mutaxassis ta’biricha, yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda vaziyat taranglashib boraveradi. Buning ikki sababi bor.
“Qirg’iziston va Tojikiston birinchisi. Yigirma yil oldin istiqlolga erishgan bu respublikalarda davlatchilik asoslari yemirilib borayapti”, -deydi Ariel Koen.
“Davlat zaiflashib, hokimiyatni qo’ldan boy berish darajasigacha yetganida oqibati nima bo’lishini O’sh va Jalolobodda ko’rdik. G’alayon shimolga yoki qo’shni davlatlarga tarqalganida, mojaro mintaqaviy tus olib, bu yerda o’z harbiy bazasiga ega ikki yirik davlat - AQSh va Rossiyani o’z domiga tortishi mumkin edi”, deydi olim.
Mintaqa tinchligiga rahna solayotgan ikkinchi omil bu AQSh va ittifoqchi davlatlar qo’shinlari kelasi yili Afg’onistonni tark etishga taraddud ko’rayotganidir.
"Xalqaro qo’shin ektremist guruhlarni jilovlab turgan, muvozanatni ushlab turgan kuch”, deydi Ariel Koen.
“Ular ketsa, Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga qaytsa, Markaziy Osiyoni nima kutmoqda? AQSh buni o’zining achchiq tajribasidan biladi. Iroqda Saddam Husayn rejimi ag’darilgach, Eronning o’ziga ishonchi ortdi. Ya’ni har yerda muvozanat kerak”.
Qirg’izistonda 10 oktabrda saylovlar. Tahlilchilar fikricha, zo’ravonlik takrorlanishi tahdidi hali ham yuqori. AQSh rahbari Barak Obama Nyu-Yorkda Roza Otunbayeva bilan uchrashuvida xalqaro tergovni tezlashtirish hamda tashqaridan politsiya guruhini kiritish masalasini ko’targan.
Saylovga kelsak, parlament boshqaruviga o’tishning o’zi Qirg’izistondagi mavjud muammolarni hal etmaydi, deydi Joxan Engvall, Qirg’izistonda uzoq vaqt bo’lib, vaziyatni o’rganib qaytgan shveytsiyatlik olim.
Yangi tizim yakkahokimlikka barham berishi, rahbarlar o’z oilasi va yaqinlarini emas, xalq manfaatini birinchi o’ringa qo’yishini ta’minlashi kerak. Ko’pchilik ovozni qo’lga kiritgan partiya mamlakatni boshqarish uchun murosa qilishiga, koalitsiyaga kirishiga to’g’ri keladi.
“Raqiblar saylov natijasini tan oladimi-yo’qmi, bu alohida masala. Ayniqsa qonunbuzarlik, qalloblik, soxta ovozlar da’vo qilinsa. Namoyish va hatto zo’ravonlik orqali hukumatni yangilash Qirg’izistonda oddiy bir hol bo’lib qolgan. Bu davlat yana bir g’alayonni boshdan kechirish holida emas”, - deydi tadqiqotchi Joxan Engvall.
Yangi tuzilgan partiyalarning ko’pi Rossiyaga moyil va AQShning Manas bazasini yopamiz deb va’da bermoqda. Ammo bu quruq gap, deydi Engvall. Ijaradan tushayotgan millionlab dollar pul Qirg’izistonga havodek zarur, siyosatchilar buni tushunadi. AQSh bilan ijara bitimi bekor qilinishi, uning nazarida, ehtimoldan yiroq.
AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati haqida gap ketganda, Vashington regionga jiddiy qaramaydi, bu yosh respublikalar haqida ko’p bilmaydi, qolaversa bu hududda Rossiyaning rayiga qarab ish tutadi degan tanqidlar tez-tez quloqqa chalinadi.
To’g’ri, bu yerdagi har bir davlat bilan munosabatlarimiz turlicha, deya tan oladi Amerika rasmiylari. Obamaning Otunbayeva bilan muloqoti oldidan, Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibi muovini, hamkorlik uchun ustuvor sohalarni sanab o’tdi.
“Terrorizmga qarshi kurash, erkinlik va inson huquqlari, energetika va savdo”,- deydi Bleyk.
“Hamkorlik haqida gap ko’p, lekin haqiqat shuki, yuqorida sanab o’tilgan sohalarning hech birida sezilarli natija, progress yo’q“, - deydi Aleksandros Petersen, vaziyatni kuzatib kelayotgan olim.
“Qirg’iziston bilan so’nggi payt muloqot biroz faollashganini tushunsa bo’ladi. Qolgan respublikalar bilan yillik muloqot o’tkazishga qaror qilingan. E’tibor bering, yillik muloqot. Markaziy Osiyo biz uchun strategik mintaqa bo’lsa, tezroq harakatini qilmaydimi Obama ma’muriyati?”, - deydi Petersen.
Rasmiylar “serqirra va o’zaro manfaatli hamkorlik” haqida gapirishni yaxshi ko’rishadi-yu, aslida bir qolipda o’ylashga o’rganib qolishgan, deydi u.
“Nima uchun biz Qozog’iston desa sarmoyani o’ylaymiz, Turkmaniston desa gaz va energetikani? O’zbekiston bilan faqat xavfsizlik sohasida hamkorlik, Qirg’izistonda boshqaruv, Tojikistonga esa doimo Afg’onistonga qo’shni bir mamlakat deb qaraymiz. Mintaqa rahbarlari Amerikaga faqat neft-gaz va bazalar kerak, deyishida jon bor”, - deydi Aleksandros Petersen, Atlantika Kengashi nomli tahlil markazi vakili.
Yangi strategiya, deydi Petersen, uch tamoyilga asoslanishi lozim. Birinchidan, Amerika har bir davlat bilan, hukumati Rossiyaga moyilmi yo’qmi, o’zaro manfaatlarni aniq belgilab olib, mumkin qadar strategik hamkorlikka intilishi kerak.
Ikkinchidan, faqat neft, gaz va xavfsizlik emas, diplomatiya, iqtisodiyot va madaniy sohalarda tashabbuslarni oshirish kerak. Studentlar, o’rtamiyona rahbarlar, biznes va san’at ahli, jurnalistlar orasida bordi-keldi ko’paysin.
“Uchinchidan, ochiqlik, transparentlik. Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar Amerika regionda nimani ko’zlayotnini bilsin, u bilan o’zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilsin”, - deydi olim.