Qo'shma Shtatlar O'shdagi qonli voqealarni yaqindan kuzatmoqda. O'sh va etnik zo'ravonlik ro'y berayotgan boshqa hududlarda ham tezlikda tinchlik va tartib ta'minlanishiga chaqirmoqda.
Davlat departamenti shanba kuni kechga yaqin mana shunday bayonot bilan chiqdi. Vazirlik so'zlovchisi, Davlat kotibi muovini Filip Kroulining bildirishicha, Obama ma'muriyati BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti birgalikda vositachilik qilishga va xunrezliklarda aziyat chekkan insonlarga zarur yordam ko'rsatishga bel bog'laganini quvvatlaydi va bu borada ko'mak ko'rsatishga tayyor.
Ishonchli manbalarga ko'ra, Qirg'iziston muvaqqat hukumati aslida shanba kuniyoq AQShdan harbiy yordam so'ragan, ammo Vashington insonparvarlik ko'magi berish, mojaro hududidan chet elliklarni evakuatsiya qilish va zarur bo'lsa, harbiy-tibbiy komandasi yuborishga tayyor ekanini bildirgan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun vaziyatni nazorat ostiga olishga undamoqda. Uning nazarida O'shdagi xunrezliklarga bardosh berib bo'lmaydi. Tashkilotning mintaqadagi maxsus vakili Miroslav Yencha o'tgan hafta shaharda bo'lganida ahvolni qaltis deya ta'riflagan edi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bishkek va O'shda o'z vakolatxonalariga ega. Uning hozirgi raisi Qozog'iston notinchliklardan qattiq xavotirda ekanini bildirgan.
"Biz barcha tomonlarni zo'ravonlikdan tiyilishga va kelishmovchiliklarni muloqot va murosa yo'li bilan hal etishga chaqiramiz",- deydi Kanatbek Saudabayev, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining barcha bo'limlari O'sh aholisiga yordam ko'rsatmoqda va ko'rsatishda davom etishini qayd etmoqda.
Biroq uch ming yillik tarixga va azaldan ko'plab xilma-xil elatlar yashab kelgan bu maskanda vaziyat o'ta og'ir. Ta'minot yo'llari yopiq, do'konlar yakson qilingan ekan, oziq-ovqat taqchil.
O'shlik o'zbeklar "Qirg'izlar bizlarni tiriklayin yoqmoqda", "Yordam bering, bizni qirib tashlashayapti" deya nola qilmoqda.
"Amerika Ovozi"ning hududdagi hamkorlari ko'chalar jasadlar bilan to'la ekanini, atrofda faqat g'azab va qo'rqinch hukmron ekanini aytmoqda.
So'nggi rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, o'lganlar soni 114 dan ortiq, ammo mahalliy manbalar aslida minglab insonlar halok bo'lgan deydi.
O'zbekiston bilan chegarada mingdan oshiq o'zbeklar qo'shni davlatdan madad so'ramoqda. Kamida 75 ming kishi O'zbekistonda qabul qilinib, yegulik va turar joy bilan ta'minlangani aytiladi.
Jalolobod ham alanga ichida. Shahar va uning atrofidagi qishloqlarda o'zbek xonadonlariga, biznes va jamoat joylariga o't qo'yilgan.
Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva xunrezlikda ajnabiy kuchlarni ayblamoqda, xususan aprel oyida prezidentlikdan ag'darilgan Kurmanbek Bakiyevning yaqinlari va tarafdorlarini.
Rossiyadan yordam kutilmoqda, Kreml dushanba kuni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan maslahatlashgan holda bir qarorga kelishi kerak.
Otunbayeva yakshanba kuni Dmitriy Medvedev bilan telefonda gaplashgan. Rossiya prezidenti tartib o'rnatish eng muhim vazifa ekaniga urg'u bergan.
Shanba kuni esa Medvedev O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan maslahatlashgan. Kreml so'zlovchisi Natalya Timakova deydiki, ikki davlat tinchlik ta'minlanishi shart degan pozitsiyada va yordam yo'llari ustida o'ylanmoqda.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti O'shga o'z harbiy bo'linmasini kiritadimi yo'qmi, hozircha noaniq va bu borada a'zo davlatlar fikr almashayotgani haqida xabarlar bor. Medvedev masala yuzasidan Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti raisi Nikolay Bordyuja bilan fikr almashgan.