Breaking News

“Ovqat, sharoit kerakmas, o’g’illarimizni qutqarishsin!”


Qochqin ayollar O`zbekiston hukumatidan birinchi galda oziq-ovqat, sharoit emas, O`sh va Jalolobodda qirg`in ichida qolgan aka-ukalari, o`g`illari, erlarini xalos etishni so’ramoqda.

14 iyun kuni rasmiylar yosh bolalarni hisobga olmaganda O`zbekistonda boshpana topgan qochqinlar soni 45 mingdan oshganini aytgan edi.

Orasida 800 ga yaqin yaradarlar ham bor va ular Andijon viloyatidagi shifoxonalarda joylashtirilgan.

Qochqinlarning aksariyatini kattalar emas, yosh bolalar tashkil qiladi. O’zbekiston bugun, 15 iyundan boshlab qochqinlar to`lqinini boshqara olmayotgani sabab Qirg`iziston bilan chegarani yopishini bildirdi.

Qochqinlar Andijon viloyatning bir necha tumanlarida joylahgan, har bir lagerda minglab bolalar bor.

Andijondagi qochqinlarga O`zbekistonning turli viloyatlaridan insonparvarlik yordami, oziq-ovqat yetkazilmoqda. Insonparvarlik yordami bozorlardan, turli yirik korxonalardan yig`ilmoqda.

O`zbekiston qochqinlarga insonparvarlik yordami yetkazishda xalqaro hamjamiyatdan ko`mak so`ramoqda. BMT ma`lumotiga ko`ra, Qirg`izisoton janubidagi xunrezliklar tufayli uy-joyini tark etganlar soni 200 mingdan oshgan.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, O`sh va Jaloloboddagi qirg`inlardan qochayotgan o`zbeklar Namangan viloyati bilan tustash chegradan ham o`ta boshlashgan.

Yorqishloqda joylashtirilgan qochqinlarning aksariyati yosh bolalar va ayollar. Ayollar O`zbekiston hukumatidan birinchi galda oziq-ovqat, sharoit emas, O`sh va Jalolobodda qirg`in ichida qolgan aka-ukalari, o`g`illari, erkaklarni qutqarishda ko`mak so`ramoqda.

“Qiymalab yo`q qilinglar deb, qancha o`liklarni asfaltlarda yoqib yuborishibdi. Morglarda ham o`liklar tiqilib ketdi. Qolganini esa mana O`zbekiston xalqiga rahmat, olib kelib davolayapti. Biz Islom Karimovdan iltijo qilib so`raymiz, go`daklar, bolalar o’shaqda qolgan otalarimiz, onalarimiz, aka-ukalarimiz, jigarlarimiz o`tdi, ta`ziya ham qilolmadik. O`ligiga borolmadik, qo`limiz bilan yuvib-tarab qo`yolmadik, o`zimizning o`zbekcha urfimizni qilolmadik".

"Iltijo qilib so`raymiz Karimovdan, prezidentdan, bizga yordam bersin. Bizga boshqa yordam kerak emas, qurolli kuchlaridan, odamlaridan yordam qilsin. Bizga oziq-ovqat kerak emas, yemasak ham mayli. Rahmat, faqat bizning bolalarimizni o`sha yerdan qutqarsin. To’lib-toshib ketayapmiz, nima qilaylik, qayga boraylik”, - deb yig`laydi Yorqishloqdagi qochqinlar lageridan boshpana topgan o`zbek ayoli.

Qochqinlarning aytishicha, O`shdagi, Jaloloboddagi vaziyat hamon keskin, chegaradan O`zbekiston tomoniga o`tolmagan ayollar, yosh bolalar yoqib yuborilgan uylarning omborxonalari, podvallarda jon saqlamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG