Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarida O’sh va jalolobodlik qochqinlar uchun tashkil qilingan lagerlarga asosan ayollar, bolalar va qariyalar qabul qilingan. Ularga mahalliy va xalqaro tashkilotlar insonparvarlik yordami ko’rsatmoqda.
“O’zbekiston hukumati tomonidan maxsus shtab yaratilgan va bu shtab koordinatsiyani qo'lga olgan. Lagerlarga qanday yordam, dori-darmonlar, tibbiy yordam kerak bolsa, barchasini o’z vaqtida yetkazishmoqda. Buning uchun ularda barcha imkoniyatlar bor. Hozir Andijon viloyatida uchta eng katta lager mavjud. Bular Jalolquduq tumanida, Xonobod shahrida va yana biri Yorqishloqda," – deydi lagerlarda vaziyatni yaqindan kuzatayotgan xalqaro tashkilot xodimi.
O’zbek-Qirg’iz chegarasi yopiqligicha qolmoqda. O’tgan hafta jurnalistlarga intervyu bergan O’zbekiston Bosh Vazirining o‘rinbosari Abdulla Aripov, “Imkoniyatlarimiz cheklangan, xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtojmiz. Qochqinlarga chet eldan yordam kelishi bilan chegarani qayta ochamiz,” – degan edi.
Vatanga qaytishga qaror qilgan qochqinlar avtobuslarda chegara postlariga olib borilayapti.
Asosan AQSh va Yevropadan insonparvarlik yordami kelishda davom etayapti, deydi suhbatdoshimiz.
"Butun dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan insonparvarlik yordami kelyapti. Tashkiliy ishlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan boshqarilmoqda. Guruhlar va mutasaddi vakillar bilan kelishilgan holda yordam tarqatishni shtab amalga oshiryapti".
Oziq-ovqatdan muammo yoq. Qochqinlarga kiyim-kechak va gigiyena vositalari kerak. Chet eldan yordam yubormoqchi bo’lganlar shuni e’tiborga olishi kerak, deydi xalqaro tashkilotda ishlaydigan bu o’zbekistonlik.
“Hozirgi kunda enga katta talab bu kiyim-kechaklar. Asosan ayollar va bolalarning kiyim kechaklari. Berilayotgan yordamdan tashqari tashabbus guruhlari, tadbirkorlar, ko’ngillilar yordam berishni yo’lga qoyishgan”.
Qochqinlarning ko’pi shok holatida. Ular shifokor va ruhshunos yordamiga muhtoj.
“Ular karaxt ahvolga tushib qolgan. Nima qilamiz? Qayerga boramiz? O’zbekistonda qolsak bizni kim tan oladi? Bu yerda qolish niyatimiz yo'q, deydiganlari ham bor. Uyimizga, Qirg’izistonga qaytib boramiz, deganlari ham bor. Har bir lagerda 700ga yaqin odam bor. 70-80 foizi ayollar, qolgani yosh bolalar. Ular ham karaxt holatda, chunki ko’pchiligi yetim qolgan. Taxminan, 30 foizi yetim, ota-onasidan ayrilgan. Ularni kimdir olib kelgan”.
O’zbekistonda o’tgan hafta 100 mingga yaqin qochqin bor edi. Bugungacha yuzlab o’zbeklar ortga qaytgan. Rasmiylar ulardan o’z xohishi bilan ketayotgani haqida tilxat olmoqda.