Breaking News

AQSh qochqinlarga tezkor yordam berishda O'zbekiston bilan ishlashga tayyor


AQSh Davlat kotibining aholi, qochqinlar va migratsiya masalalari bo’yicha muovini Erik Shvars (Eric Schwartz) shu hafta O’zbekiston va Qirg’izistonda bo’lib, gumanitar vaziyatni ko’zdan kechirmoqda. Shvars bugun Toshkentda muzokaralar olib borgan.

“Aksariyat qochqinlar vataniga, Qirg’izistonga qaytgan, ammo u yerdagi sharoit xavotirga molik”, – deydi u.

Qo’shma Shtatlar referendum tartibli o’tganini olqishlab, siyosiy kuchlar va elatlarni yarashishga da’vat etmoqda.

“Biz O’zbekiston hukumati va xalqaro tashkilotlar bilan ishlashga, jabr tortgan insonlar ehtiyojini zudlik bilan qondirishga tayyormiz”, – deydi Erik Shvars.

Uning aytishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan hozircha O’zbekistonda qolishni ma’qul topayotgan qochqinlar alohida e’tiborga muhtoj.

Garchi qochqinlarning aksariyati 27-iyundagi referendum arafasida Qirg’izistonga qaytib ketgan bo’lsa ham chegara hududlarida qolayotgan kishilar insonparvarlik ko’magiga muhtoj.

BMT Bolalar jamg’armasi (UNICEF) va Qochqinlar bo'yicha oliy komissarlik Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bilan hamkorlikda insonparvarlik yordamlarini yetkazish ishlarini davom ettirmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, 100 ming atrofidagi qochqin Qirg’izistonga qaytgan. O’zbekistonda qolayotgan qochqinlar soni 395 kishi bo’lib, ular kasalxonalarda davolanayotgan yarador va bemorlardir.

Qirg’izistonga qaytayotgan qochqinlar bu ishni o’z ixtiyori bilan qilayaptimi yoki majburan, degan savolni o’rganib chiqish kerak, deydi BMTning Qochqinlar masalalari bo'yicha oliy komissarligi matbuot kotibi Adrian Edvards.

Uning aytishicha, O’zbekistonda qochqinlar deyarli qolmagani bois, hozirda e’tibor asosan Qirg’izistonga qaytganlar ahvolini yaxshilashga qaratilmoqda.

“Inqiroz hali to’xtagani yo’q. Mamlakatda 375 ming odam hanuz insonparvarlik yordamiga muhtoj”, - deydi Edvards.

Uning aytishicha, BMT vakillari O’shga tashrif buyurganida, shahardagi deyarli barcha uylar yonib, kul bo’lganiga guvoh bo’lishgan. Ichimlik suvi yo’q, elektr tarmoqlari hanuz tiklanmagan. Shaharning ko’p qismida tibbiy xizmat ko’rsatish imkoniyati mavjud emas.

27-iyun kuni o’tkazilgan referendum O’shdagi o’zbeklar nazarida muhim o’zgarish davrining boshlanishi emas. Ko’pchilik uning mamlakatdagi ozchilik o’zbeklar uchun ahamiyatga ega emasligi haqida gapirmoqda.

90 foiz ovoz bilan ma’qullangan konstitutsion referendum, xalqaro kuzatuvchilar nazarida qonuniy va xolis o’tgan.

Xalq tinchlik uchun, osuda kelajak uchun ovoz berdi, deydi Qirg’iziston hukumati vakillari.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva referendum natijalaridan mamnun. U kelasi yil oxirigacha prezident lavozimida qoladi. Shu yilning oktabrida esa parlament saylovlarini o’tkazish rejalashtirilgan.

Qirg’iziston Markaziy Osiyoda ilk parlamentar demokratiyaga aylanadi, deydi Otunbayeva.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG