O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, qo’shni Qirg’izistondan kelgan qochqinlar uchun xalqaro hamjamiyat deyarli 4 million dollar miqdorida ko'mak ajratgan. Odamlar vataniga qaytar ekan, bu mablag’ Qirg’izistonga jo’natilmoqda.
Qochqinlarga qaytarilyotgan yordam asosan oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlaridan iborat. Yordamning yirik qismi BMT tomonidan ko’rsatilgan.
O’zbekiston hukumatining bayon qilishicha, qochqinlar uchun qabul qilingan 3 million 926 ming dollar qiymatidagi yordamning qariyb 1 million 480 mingi O’zbekistonda qochqinlar ehtiyoji uchun ishlatilgan.
O’zbekistondagi qochqinlarga Rossiya, Xitoy va Gruziya kabi davlatlar tomonidan, shuningdek O’zbekiston jamoatchiligi tomonidan ham yordam uyushtirilgan.
AQSh qochqinlarga dastlabki yordam sifatida 5 millon dollar ajratgan, Qirg’izistondagi zo’ravonlik oqibatlarini bartaraf etish uchun bu davlatga 30 million dollar atrofida yordam berishga tayyor.
O’zbekistondagi qochqinlar BMT tomonidan asosiy yordam ko’rsatish rejalanayotgan bir paytda ortga qaytdi. Hozirgi kunda O’zbekistonda qolgan qochqinlar bir necha yuz kishi bo’lishi mumkin.
O’zbekiston kasalxonalaridagi qochqinlar ham O’sh va Jaloloboddagi shifoxonalarga ko’chrilgani haqida ma’lumotlar bor.
Toshkentda bo’lib, qochqinlar bilan bo’gliq vaziyat bo’yicha rasmiylar bilan muzokara o’tkazgan AQSh Davlat kotibi muovini Erik Shvars Qirg’izistonda dahshatli zo’rovonliklarni boshdan kechirgan insonlar majburan emas, o'z ixtiyori bilan qaytishi kerak deya ta'kidlagan.
Shvars kecha Bishkek va O'shga ham tashrif buyurib vaziyat bilan tanishgan, rasmiylar va qirg'in jabrdiydalari bilan gaplashgan.
BMT qochqinlar agentligi rahbari Antonio Guterres ham 30 iyun kuni O'shda bo'lib, insonparvarlik yordami qanday ko'rsatilayotganini ko'zdan kechirgan. Uning aytishicha, boshpanasiz qolgan aholining hayotini tiklash, O'sh va Jalolobodning vayron bo'lgan qismlarini qayta qurish va gumanitar ko'mak oqimini davom ettirish oson bo'lmaydi. Ammo, deydi u, BMT qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi.
BMT hisobicha O’zbekistonda 400 ga yaqin qochqin qolgan. Qirg’izistondagi vaziyatni esa barqarorolashgan deb bo’lmaydi. Qirg’iziston huquq-tartibot organlari tomonidan tintuv qilish, O'sh va Jaloloboddagi o’zbek yetakchilarini hibsga olish davom etmoqda.
Ayni paytda O’zbekistonda qolayotgan bir qochqin fikricha vatanga qaytganlar ancha aldandi. Uning nazarida Qirg'iziston janubida ahvol hamon juda qaltis.
“Jaloobod oblastining gubernatori kelib, qochqinlar bilan uchrashib, xavfsizligingizni ta’minlaymiz. "Biz kafolatmiz" degan, lekin u kafolat bo’lolmaydi, chunki Jalolobodni u boshqarayotgani yo’q. U boshqa kuchlar qo’lidagi qo’g’irchoqqa aylangan. Xalq shunga ketdi. O’zbekiston avval biz o’shliklarni koridor ochib, ayniqsa ayollarni, bolalarni yaxshi kutib oldi. Keyin vaziyat nimaga o’zgardi bilmayman. Bu katta siyosat bo’lsa kerak, men tushunmadim”, - deydi bu qochqin.
Ma’lumotlarga ko’ra Qirg’iziston huquq-tartibot organlari o’zbeklarga qarashli uylarni tintuv qilib, qurol va giyohvand moddalar qidirmoqda. Aholining shikoyat qilishicha esa xavfsizlik kuchlari ularning xonadonlariga ataylab qoradori tashlab ketmoqda, zo'ravonliklarda o'zbeklarning ham aybi bo'lgan deya da'vo qilish uchun.
Ayrim o'zbeklar vaziyat bu qadar nozik ekan, qochqinlarning yangi to’lqini boshlanishi mumkin deya ogohlantirmoqda.