Breaking News

Jalolobodda qotilliklar, aholi O'zbekistonga o'ta boshlagan


Shanba va yakshanba kuni O'sh va Jalolobodda yuz bergan xunrezliklarda o'nlab insonlar halok bo'lgan. Jalolobod viloyatining Suzoq qishlog'ida, O'zbekiston chegarasidan 7-8 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloqda kamida 30 nafar o'zbek qirg'izlar qo'lida jon bergan.

Har ikki shaharda komendant soati hukmron, ammo etnik zo'ravonliklar davom etayotgani haqida ma'lumotlar bor.

Muvaqqat hukumat harbiylarga qon to'kishga uringan har bir shaxsni otib o'ldirishga ruxsat bergan. Maqsad, deydi prezident Roza Otunbayeva, elatlararo to'qnashuvlarni nima qilib bo'lsa-da bartaraf etish. Kecha u vaziyat nazoratdan chiqqanini tan olgan va tashqi dunyodan yordam so'ragan edi.

Rossiya qatorida boshqa yirik davlatlar, jumladan AQSh ham madad berishga hozir ekanini bildirgan. Vashington nazarida BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tashabbusni qo'lga olib, tinchlikka erishish uchun harakat qilishi kerak.

Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston a'zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti dushanba kuni yig'ilib, O'shga tinchlikparvar kuchlarni kiritish masalasini ko'rib chiqadi.

Yakshanba kuni erta bilan Bishkekdan Moskvaga qaytgan yuk samolyotidan olti qirg'iz olib tushilgan. Ular qattiq yaralangan shaxslar, deydi rasmiylar, hozirda tegishli kasalxonalarda. Bu samolyot kecha Qirg'izistonga besh tonnadan ortiq tibbiy yordam olib borgan edi. Kremlning bayon qilishicha, ko'mak hajmi oshadi.

O'sh va Jalolobodda savdo markazlari, do'konlar vayron qilingan, oziq-ovqat ta'minoti izdan chiqqan. Buning ustiga xunrezliklarga guvoh bo'lib, zo'rg'a jon saqlayotgan odamlar ko'chaga chiqishdan hayiqib, doimiy qo'rquv ostida ekan, ocharchilik boshlanishi mumkin degan xavotir bor.

Ayollar, bolalar va keksa yoshdagilarning ko'pi xavfsiz joylarga chiqarilib yuborilgan va erkaklar mahallalarda navbatchilik qilmoqda.

Qirg'iziston Chegara Xizmatining tasdiqlashicha, shanba kuni 700 dan ziyod o'zbek qo'shni davlatga o'tgan. Lekin Qizil Yarimoy insonparvarlik tashkilotining hisobicha O'zbekistonga qochganlar soni 6000 dan oshadi. Toshkentda rasmiylarning qayd etishicha, yakshanba kuni kechgacha 75 ming o'zbek qochqin qabul qilingan.

O'tgan uch kun ichida O'sh va Jalolobodda o'zbek aholiga nisbatan amalga oshirilgan jinoyatlarda, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 114 dan ortiq kishi o'lgan, 1500 dan ziyod odam jarohatlangan.

Rasmiylar raqamlar o'likxonaga yetkazilgan jasadlarga qarab aytilayotgani eslatiladi. Mahalliy aholi vakillari aslida qurbonlar "son-sanoqsiz, minglab desak adashmagan bo'lamiz" deydi.

Hamla qilayotgan qirg'izlarning kelgi ekani ayon, deydi ular, bu to'dalar ichida o'zbeklar bilan yonma-yon yashaganlar yo'q. O'zbeklar bugungi qonli voqealarda butun qirg'iz xalqini emas, millatchi kuchlarni ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG